Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi Navoiy viloyati boʻlimi yangi binoda ish boshladi

11:52 23 Oktyabr 2023 Jamiyat
367 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar muammolarini hal etish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlarini taʼminlash, ayollarga nisbatan zoʻravonlik va tazyiqning har qanday koʻrinishiga barham berish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Chunonchi, mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish, ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanib, shu asosda Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror asosida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlar tashkil etilib, Markazning Navoiy boʻlimi bugungi kunda tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam koʻrsatish borasida samarali faoliyat olib bormoqda.

— Markazimizda murojaat etgan ayollarga ruhiy, iqtisodiy va jismoniy zoʻravonliklar oqibatlarini bartaraf etuvchi psixologik, tibbiy yordam bilan birga huquqshunoslar tomonidan huquqiy maslahat va koʻmak koʻrsatiladi, — deydi hududiy boʻlim direktori Nargiza Ermamatova. — Joriy yilning 9 oyi davomida markazimizga 1099 nafar ayol murojaat qilgan boʻlsa, ularning 531 nafari jismoniy, 319 nafari ruhiy, 221 nafari iqtisodiy va 29 nafarini esa jinsiy zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning 449 nafariga psixologik, 419 nafariga huquqiy, 232 nafariga tibbiy yordam koʻrsatildi. Shu oʻrinda alohida taʼkidlash joiz, markaz oila buzilishi tarafdori emas. Markazimizga murojaat etgan har uchinchi oilada bugun sogʻlom muhit hukmron.

Endi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi Navoiy viloyati boʻlimi yangi, har tomonlama qulay, zamonaviy jihozlangan binoda oʻz faoliyatini davom ettiradigan boʻldi. Uning taqdimot marosimida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi direktori Muqaddam Rasulova ishtirok etib, ayollarga nisbatan zoʻravonlikning har qanday koʻrinishlariga nisbatan murosasiz boʻlish, nafaqat davlat organlari zimmasida balki fuqarolik jamiyati institutlari shuningdek, har bir inson masʼulligini taʼkidladi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер