Ayollar bandligi — oilalar va jamiyat farovonligining muhim sharti
Foto: Халқ сўзи
Navoiy viloyatida bugun 500 ming nafardan ortiq opa-singillarimiz oʻzlarining kamtarona mehnati va izlanishlari bilan iqtisodiy islohotlar, maʼnaviy yangilanish va jamiyat demokratlashuvi jarayonlarida ishtirok etmoqda. Xususan, viloyat taʼlim sohasida ishlayotganlarning 68, sogʻliqni saqlashda 66, qishloq xoʻjaligi va sanoatda qariyb 40 foizini ayollar tashkil etsa, 60 ming nafarga yaqin onaxon va momolarimiz keksalik gashtini surmoqda.
Jamiyat har doim ayoldan roʻshnolik qarzdorki, mamlakatimiz Prezidentining qator farmon va qarorlarida bu masala izchil qamrab olingan. Shu asosda Navoiy viloyatida ham ayollarning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy manfaatlarini himoya qilish, ularning oilada, ijtimoiy hayot va davlat qurilishidagi rolini oshirishga qaratilgan tadbirlar amaliy natijasini bermoqda. Ayniqsa, ayollar bandligini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlar alohida eʼtiborga molik.
— Quvonarlisi, kichik biznes va tadbirkorlikka qoʻl urgan, oʻzi va dugonalari uchun ish oʻrinlari yaratayotgan ayollarimiz, yosh qizlarning safi yildan-yilga kengayib bormoqda, — deydi Navoiy viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulsanam Norova. — Shu jihatdan viloyatimizda bugun tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan opa-singillarimiz sonini besh yil avvalgi koʻrsatkichlar bilan solishtiradigan boʻlsak, bir necha baravar ortgani guvohi boʻlamiz. Chunonchi, 2019-2022-yillarda 16 yoʻnalish boʻyicha jami 8789 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga oʻqitilib, 689 nafar ayol oʻz tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Shu bilan birgalikda, 512 nafar kambagʻallik roʻyxatida turgan xotin-qizlar ish bilan taʼminlandi.

Shunday tadbirkorlardan biri — Nargiza Sevarova jami 1,5 gektar maydondagi issiqxonada sabzavot mahsulotlari va barra koʻkatlar yetishtirish orqali uch yil oldin oʻz biznesini boshlagan boʻlsa, bugungi kunda yiliga oʻrta hisobda 130-150 tonna pomidor, 100-120 tonna bodring, 60-70 million soʻmlik ziravor koʻkatlar yetishtirib, mahalliy eksportchilar vositachiligida Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Belarus kabi davlatlarga sotmoqda. Tadbirkor tomonidan 100 nafardan ortiq ayollarning bandligi taʼminlandi.
— Mana shunday yuzlab xotin-qizlarni ishli qilayotgan tadbirkor ayollarimizning safi keng, — deya davom etadi G. Norova. — Ishlab chiqarish sohasida yuzdan ortiq xotin-qizlarga yangi ish oʻrinlarini yaratgan Orzigul Isanova, Farida Xidirova, Munira Hamroyeva, shuningdek, tadbirkorlikning koʻp tarmoqli yoʻnalishida Sarvinoz Farmonova, xizmat koʻrsatish sohasida Zuhro Narziyeva va Lobar Yoʻldosheva faoliyatini bunga misol sifatida keltirishimiz mumkin.
Yaqinda “Tadbirkor ayollar muloqoti : Oʻzbekiston-Qirgʻiziston yoʻl xaritasi ijrosi natijasi” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro biznes-forumda markazimiz ham Oʻzbekiston delegatsiyasi safida ishtirok etib, “Oʻsish akademiyasi” intellektual rivojlanish markazi oʻrtasida agrar soha boʻyicha 3 mln. AQSH dollarlik hamkorlik shartnomasi hamda “Tamara textile” MCHJ va «Aru uzam» oʻquv markazlari bilan oʻzaro kelishuv memorandumi tuzildi.
Qoʻshimcha qilish joiz, Navoiy viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida ayollarning qiziqishlari, intilishlari hamda layoqatiga mos kasbni egallashlari uchun ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va servis kabi sohalar boʻyicha oʻz startap loyihalarini tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Shu bilan birga ular oʻrtasida “Xotin-qizlarning eng yaxshi startap loyihasi” tanlovi oʻtkazib kelinmoqda. Chunonchi joriy yildagi tanlovda 357 nafar ishtirokchi orasidan 16 nafari gʻolib deb topildi va ularning faoliyatlari uchun imtiyozli kreditlar ajratildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring