Axios: Tramp maʼmuriyati Eron neft eksportining asosiy nuqtasi boʻlgan Xarg orolini egallash yoki blokada qilishni rejalashtirmoqda

23:48 20 Mart 2026 Dunyo
351 0

AQSH Prezidenti maʼmuriyati Fors koʻrfazidagi Eron neft eksportining 90 foizi oʻtadigan Xarg orolini okkupatsiya qilish yoki dengiz blokadasiga olish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Axios nashri toʻrtta ishonchli manbaga tayanib xabar berdi.

Xarg orolini egallash ehtimoli Eronga bosim oʻtkazish va Hoʻrmuz boʻgʻozidagi harakatni qayta tiklashga (blokadadan chiqarishga) majbur qilish vositasi sifatida koʻrilmoqda. Biroq ushbu reja boʻyicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

Operatsiyani boshlashdan oldin AQSH Qurolli kuchlari Hoʻrmuz boʻgʻozi hududidagi Eron harbiy salohiyatini zaiflashtirishi kerak.

“Bizga eronliklarni zarbalar bilan yanada kuchsizlantirish, orolni egallash, soʻngra ularni “jilovlab olish” va bundan muzokaralarda foydalanish uchun taxminan bir oy vaqt kerak boʻladi”, — dedi Oq uyning pozitsiyasidan xabardor boʻlgan nashr suhbatdoshi.

Shuningdek, ushbu operatsiya mintaqadagi Amerika qoʻshinlari sonini koʻpaytirishni talab etadi. OAV maʼlumotlariga koʻra, Pentagon Eron bilan urushning yangi bosqichiga tayyorgarlik doirasida Yaqin Sharqqa bir necha ming dengiz piyodalari va dengizchilarni yuborishni tezlashtirgan.

AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining isteʼfodagi kontr-admirali Mark Montgomerining Axiosʼga aytishicha, Xarg orolini egallash missiyasi amerikalik harbiy xizmatchilarni asossiz xavf ostiga qoʻyishi mumkin, ayniqsa Tramp shartlari asosida Eron bilan tinchlik oʻrnatish istiqbollari noaniq boʻlib turgan bir paytda.

Eslatib oʻtamiz, 14-mart kuni Donald Tramp AQSH Xarg orolidagi harbiy obyektlarga hujum qilganini va bu “Yaqin Sharq tarixidagi eng kuchli bombardimonlardan biri” boʻlganini eʼlon qilgan edi. Prezidentning qoʻshimcha qilishicha, oroldagi neft infratuzilmasiga zarar yetkazilmagan. Amerikalik mulozimlarning soʻzlariga koʻra, ushbu zarba oroldagi ehtimoliy quruqlikdagi operatsiya oldidan “ogohlantiruvchi oʻq” boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер