Avtomobillarga yoqilgʻi quyish boʻyicha eng yaxshi stansiyalarga Quality service sertifikati topshirildi
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan eng yaxshi Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyasi (AGTKS), Avtomobillarga gaz quyish stansiyasi (AGQS) va Avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalari (AYOQS)ning taqdiralash marosimi boʻlib oʻtdi. Tantanali tadbirni qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Faxriddin Davrukov ochib berdi.
— Respublika boʻyicha mavjud 4 mingdan ortiq Avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalarining 800 tasida yoki boshqacha aytganda, atigi 20 foizidagina zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari mavjud edi, — dedi F.Davrukov. — Hududiy ishchi guruhlar tomonidan 2020-yilning 2-20-sentyabr kunlari amalga oshirilgan takroriy xatlov va oʻrganishlar yakunlariga koʻra, respublikadagi barcha Avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalarining zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan taʼminlanish koʻrsatkichi 20 foizdan, qariyb 70 foizga koʻtarilishiga erishilganligini koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-sentyabrdagi “Yoʻlboʻyi va turistik infratuzilmani yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 793-sonli qarori eʼlon qilindi. Unga koʻra, mamlakatimizdagi sayyohlar keladigan obyektlar va avtomagistrallar boʻylarida zamon talablariga toʻliq javob beradigan hamda imkoniyati cheklangan shaxslar qulay va toʻsiqsiz foydalanish imkoniyatlari yaratilgan sanitariya-gigiyena shoxobchalarini barpo qilish va ekspluatatsiya topshirish zaruriyati borgan sari dolzarb masalaga aylanib bormoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Hududiy boʻlinmalar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bergan maʼlumotlarga koʻra, 3-5-noyabr kunlari amalga oshirilgan oʻrganishlar davomida Respublika va hududiy ishchi guruh aʼzolari Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 30 ga yaqin Avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyasiga bevosita tashrif buyurishgan hamda ularning 17 tasida qaror talablari bajarilmaganligi uchun faoliyatini qisqa muddatga toʻxtatish choralari koʻrilgan. Aholi va sayyohlarga qoʻshimcha xizmat koʻrsatish borasidagi faoliyatini namunaviy tarzda yoʻlga qoʻygan Avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalari taqdirlash va ragʻbatlantirish uchun tavsiya qilindi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va mamlakatimizning barcha viloyatlaridagi AYOQS, AGQS va AGTKSʼlarning faoliyati Vazirlar Mahkamasining “Yoʻlboʻyi va turistik infratuzilmani yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori talablariga muvofiq oʻrganib boriladi hamda kelgusida yurtimizning boshqa hududlarida ham namunaviy yoqilgʻi quyish shoxobchalarini taqdirlash ishlari davom etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring