Avstriyada uchar taksilar jamoatchilik transporti qatoridan joy oladi
Avstriyaning Lins shahrida jamoatchilik transporti aerotaksilar hisobiga toʻldirilmoqda. Bu haqda Euro-Pulse manbasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, buning uchun 2021-yildan boshlab infratuzilmani qurish boshlanadi. Uchar mashinalarda yoʻlovchilardan tashqari yuklarni ham tashish rejalashtirilgan.
Loyiha avvaliga yoʻlovchilarsiz va aholi yoʻq hududlar ustida sinovdan oʻtkaziladi. Birinchi vertiportlar(aeromobillar uchun bekatlar) Dunayning har ikki sohilida ham paydo boʻladi.
Maʼlumot uchun, Lins Avstriyadagi aholisi soni boʻyicha(200 mingdan ortiq) uchinchi yirik shahardir. U yerdagi odamlarning asosiy qismi esa shahar atrofida yashaydi. Loyiha tashkilotchilarining fikricha, bu uchar taksilar tizimini testdan oʻtkazish uchun ajoyib sharoitdir.
EHang 216 rusumidagi aeromobillar avstriyalik va xitoylik muhandislar hamkorligida ishlab chiqilgan. Kabinasida ikki yoʻlovchi (yoki 260 kg.gacha yuk) uchun joy bor, konstruksiyasi esa ulkan kvadrokopterni eslatib yuboradi. Uchar taksi soatiga 150 km.gacha tezlik olishi, havoda yarim soatgacha harakatlanib, yuklanishiga qarab 50—70 km. masofani bosib oʻtishi mumkin.
Aytgancha, EHang 216 taksisining birinchi sinov parvozi 2019-yilda Vena markazidagi futbol stadionida tashkil etilgandi. Oʻshanda u yoʻlovchilarni havoga koʻtarib, oʻyingoh boʻylab uchgan edi.
Avstriyadan tashqari YEIning boshqa mamlakatlari ham aeromobillar ustida ish olib boryapti. Masalan, 2014-yilda slovak injenerlari tomonidan gibrid aeromobil yaratilgan edi. Parijda esa uchar taksilar yordamida “probka”larga qarshi kurashish rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring