Atoqli shoirga ehtirom
Elyor HAYDAROV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda milliy adabiy merosga sezilarli darajada ulush qoʻshgan, xalqimiz maʼrifatini yuksaltirish yoʻlida ijod qilgan hamda benazir asarlari bilan qalblarga ziyo urugʻini ekkan atoqli shoir va yozuvchilarning tantanali yubiley marosimlari oʻtkazish anʼanaga aylangan.
Ayni kunlarda davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligi keng nishonlanayotgani soʻzlarimiz tasdigʻidir.
Kuni kecha Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida sana munosabati bilan adabiy-maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi. Koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbirda yozuvchi-shoirlar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda shoirning milliy madaniyatimiz va adabiyotimizni rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik hamda ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari orasidagi birodarlikni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgani taʼkidlandi.
— Ajiniyoz xalqlarimizning sevimli farzandi, ulugʻ shoir va adib, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati Payziboy Ramanov. — Uning ijodini oʻqib-oʻrganish, targʻib etish vorislik vazifamizdir. Albatta, boʻlib oʻtayotgan bunday tadbirlar mamlakatimizning ijodkorga boʻlgan yuksak eʼtibori, shuningdek, Prezidentimizning qoraqalpoq eliga gʻamxoʻrligining ham yaqqol namunasidir.
Tadbir davomida shoir sheʼrlari oʻqildi. Ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar davraga oʻzgacha fayz bagʻishladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring