Asrlarni qaritgan ulugʻvorlik timsoli
Foto: Xalq so‘zi
Andijon viloyatida milliy adabiyotimizning yirik vakillaridan biri, benazir shoir, jahon ilm-fani hamda madaniyati rivojiga munosib hissa qoʻshgan shoh va sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning 540-yillik tavalludiga bagʻishlangan tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Viloyat markazidagi Bobur maydonida boshlangan anjumanda respublikamizdan tashqari Hindiston, Afgʻoniston, Qozogʻicton, Qirgʻiziston va AQSHdan tashrif buyurgan boburshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar. Ular buyuk bobomizga hurmat ifodasi sifatida uning haykali poyiga guldastalar qoʻyishdi.

— Shoirning dilbar gʻazallari, purmaʼno ruboiy va masnaviylari, butun dunyoga maʼlumu mashhur “Boburnoma”si, musiqa ilmiga doir durdona asarlari uning naqadar serqirra inson boʻlganidan dalolat beradi, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Sardor Sirojiddin. — Xususan, “Boburnoma” tarixiy-memuar asari jahonning 70 dan ortiq mamlakati muzeylaridan joy olib, oʻttizdan ortiq tilga tarjima qilingan.
Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondida boʻlib oʻtgan “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” xalqaro konferensiyasida boburshunos olimlarning soʻnggi yillarda olib borgan ilmiy ishlari va toʻplamlari taqdimotlari boʻlib oʻtdi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring