Asrlarni qaritgan sarv

12:45 18 Fevral 2025 Jamiyat
432 0

Rustam NURMATOV/«Xalq soʻzi». Jizzax viloyatida noyob daraxtlar koʻplab topiladi. Har biri davlat himoyasiga olingan. Aytaylik, Forishdagi Mojrum qishlogʻidagi togʻlar yonbagʻrida bir tup sarv koʻkka boʻy choʻzgan. Bu qadimiy sarv haqida xalq orasida turli rivoyatlar bor. Balki bu daraxtni shu yerda yashovchi aholi ekkandir. Qizigʻi, har yili yangi novdalar chiqaradi. Qushlar, jonzotlar yoz jaziramasidan, qish izgʻirinidan shoxlari orasida jon saqlaydi.

Mustaqillik yillarida xalqaro tashkilotlar tomonidan vatanimiz tarixi va tabiatini oʻrganishga qiziqish ortdi. Oʻshanda BMT “ProNuratau” loyihasini ishlab chiqib, “Nurota” qoʻriqxonasida saqlanayotgan endemik olqorlarni asrab qolish boʻyicha ilmiy-amaliy tadbirlarni ishlab chiqqandi. Loyiha ijrosiga bir million AQSH dollari ajratilgan. Oʻsha mablagʻ faqat xoʻjakoʻrsinga oʻtkazilgan konferensiyalarga sarflab yuborilgani jiddiy tanqidlarga sabab boʻlgandi.

Ammo dastlabki izlanishlarda shu archaning yoshi aniqlangani mazkur loyihaning eng katta yutuqlaridan biri boʻlgan. Buning uchun Germaniyadan bir guruh mutaxassislar chaqirilib, ular oldiga sarv tarixini aniqlash vazifasi qoʻyilgan. Nemis olimlari Mojrum qishlogʻi aholisi bilan suhbatlashgan. Archa tarixi haqidagi afsonalar bilan qiziqqan. Mojrumliklar qiziqarli afsonalarni soʻzlab berishgan. Shulardan biri argeadlar sulolasidan chiqqan makedoniyalik podshoh Iskandar Zulqarnayn Oʻrta Osiyoga bostirib kirganda, bu hududda yashayotgan aholi qattiq qarshilik koʻrsatadi. Janglardan birida podshohning oliymaqom sarkardalaridan biri halok boʻladi. Makedoniyada joriy etilgan tartib boʻyicha zodagon sarkardalar halok boʻlsa, jasadi vatanidagi ibodatxonaga dafn qilinishi lozim topilgan. Jang sustlashib qolmasligi uchun “shoxli” Iskandar sarkardani vaqtincha togʻlar poyiga dafn qilib, atrofiga archalar ekib qoʻyishni buyuradi. U sarkarda jasadini toʻliq gʻalabaga erishgandan keyin Yunonistonga olib ketishni niyat qilgan. Mojrumliklarning aytishicha, Nurota bagʻridagi sarv qabr yoniga ekilgan archalardan biri ekan. Nemis olimlari sarv 1500 yoshdan ham ulugʻ degan xulosaga kelishgan. Shundan soʻng sarv daraxti BMT muhofazasiga olindi. Eng qadimiy daraxt sifatida “Biota” deb nomlandi.

Ilgari bu yer katta archazor boʻlgan. Inson qadami yetgan joyning tabiati, landshafti albatta, oʻzgaradi. Afsuski, togʻ yonbagʻridagi archazorlar qurilishda foydalanildi. Oʻtin uchun kesib tashlandi. Asrlarni qaritgan yakka sarv mojrumliklar soʻzlab bergan afsona tufayli omon qolgan boʻlsa, ne ajab! Ehtimol, qabrda ekilgani uchun archani kesib tashlashga hech kimning qoʻli bormagandir. Keyinchalik qishloq ahli masjid qurib, bu yerga ibodatga kelgan. Masjid tomi ham archa toʻsinlari bilan yopilgan.

Bugungi kunda qadim sarvni minglab xorijlik sayyohlar kelib koʻrmoqda. Bu tabiat moʻjizasini muqaddas daraxt sifatida ziyorat qilmoqda. Tabiat ixlosmandlariga qulaylik yaratish uchun togʻ bagʻrida mehmonxonalar qurilgan. Daraxt tanasining diametri taxminan 24 metr, markaziy shoxlarining aylanasi 12 metr, har tarafga tarvaqaylagan pastki shoxlari vaznining ogʻirligi tufayli yer ustida yotadi. Sarv daraxti tanasi kovaklariga 4-5 nafar odam bemalol sigʻadi. Yoshi ulugʻ insonlarning aytishicha, ushbu sarv daraxtining kovagi bundan 50-60 yil avval bolalarga saboq beradigan, yaʼni sinfxona boʻlgan. Bu azim daraxtning igna barglari yashil, havorang poʻstlogʻi qalin. Sarv yoniga ilk marta borgan inson oʻzini bardam sezadi.

Yurtdoshlarimizning aksariyati Turkiya, BAA va Yevropa davlatlariga sayohat qilishni orzu qiladi. Lekin oʻz yurtimizda ham tabiat tomonidan yaratilgan moʻjizalar koʻp. Birgina sarvni borib koʻrsangiz, koʻnglingiz koʻtarilishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер