Askarlar harbiy qasamyod qabul qilishdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Vatan himoyasidek muqaddas xizmatni oʻtash har bir yigit uchun sharaf. Aslida yigitlikning koʻksingni gʻururga toʻldiradigan damlari ham shu – harbiy xizmatga chaqirilish.
Respublikamiz Qurolli Kuchlari Markaziy harbiy okrugining Navoiy harbiy garnizonida shunday askarlardan bir guruhi uchun harbiy qasamyod qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda okrug qoʻmondonligi vakillari, askar yigitlarning ota-onalari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Yigitlik ontini ichayotgan askarlarni hayotidagi unutilmas lahzalar bilan qutlar ekan viloyat hokimi, Vatan uchun xizmat qilish – sharaf, yurt osoyishtaligini asrash – burch, sarhadlar daxlsizligi uchun fidoyilik – mardlik namunasi ekanligini taʼkidlab, Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilish, ular uchun jismoniy chiniqish, mahoratini oshirish va irodasini baquvvat qilishga xizmat qiluvchi hayot maktabiga aylanganligiga eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, tadbirda soʻz olganlar mamlakatimiz Oliy Bosh Qoʻmondoni rahnamoligida oʻtgan yillar mobaynida milliy armiyamizni modernizatsiyalash va isloh qilish, eng zamonaviy qurol – yarogʻ, harbiy texnika turlari bilan qurollantirish, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolarini uy – joy bilan taʼminlash, moddiy, ijtimoiy – maishiy sharoitlarini yaxshilash borasida ulkan ishlarning amalga oshirilganligi, muddatli harbiy burchini sharaf bilan oʻtagan askarlarga bir qator imtiyozlar berilishi yoshlarimizning kelajakdan munosib oʻrin topishiga xizmat qilayotganligini taʼkidladilar.
— Farzandimning harbiy qasamyod qabul qilayotganligi meni nihoyatda toʻlqinlantirdi, — deydi ota-onalardan biri Rizoqul Toshonov. – Ming qatla shukur, mana yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Bularning barchasi mamlakatimiz Prezidentining oqilona siyosati samarasi, deb bilaman. Muhtaram Yurtboshimiz yaqinda BMT sammitida ham mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasida bir qator takliflarni ilgari surib, ularning hamjamiyat tomonidan xayrxohlik bilan qabul qilinganligi koʻnglimizni togʻdek koʻtardi.
Tadbirda, shuningdek yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish ishtiyoqini yanada kuchaytirishda ota-onalar va mahallaning oʻrni yuksak ekanligi taʼkidlandi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring