Asakada yangi shaharcha qad rostlamoqda

15:07 02 Noyabr 2022 Jamiyat
1040 0

Foto: Xalq so‘zi

Asaka tumani nafaqat Andijon viloyatida, balki respublikamizda aholisi zich joylashgan hududlardan sanaladi. Shu bois ham bu yerda aholini turar joy bilan taʼminlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etib keladi. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 2-aprelda qabul qilingan “Andijon viloyati Asaka tumanini obodonlashtirish va arxitektura qiyofasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi muammolar yechimini taʼminlamoqda. Jumladan, qaror ijrosi doirasida “Chek” MFY hududida “Asaka city” turar-joy majmuasi qad rostlamoqda.

— 53,3 gektar maydonni qamrab olgan ushbu loyiha “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barpo etilmoqda, — deydi Andijon viloyat qurilish boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Ibrohimjon Zufarov. — Bunyodkorlik ishlari yakuniga yetgach, aholining uy-joyga ehtiyojmand aholisi 4 ming 631 xonadondan iborat 71 ta koʻp qavatli uylarga koʻchib oʻtadilar.

Shuningdek, 267 million AQSH dollari qiymatidagi ushbu loyiha foydalanishga topshirilgach, 7 ming nafardan ziyod fuqaroning doimiy bandligi taʼminlanadi. Buning uchun manzilda savdo majmualari, mehmonxona, istirohat bogʻi, 320 oʻrinli ikkita bolalar bogʻchasi hamda 2 ming oʻrinli umumiy oʻrta taʼlim maktabi qad rostlamoqda. Bir soʻz bilan aytganda, yangi shaharcha Asaka tumanining yangi qiyofasini oʻzida mujassam etadi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер