“Artel” mahsulotlari sifatiga kafolat bormi? Ularga xorijliklardan ham eʼtiroz bor
Bugun bozorlarimizni milliy mahsulotlar bilan toʻldirish, oʻzimizda ishlab chiqarishni rivojlantirishga juda katta eʼtibor berilmoqda. Shu asnoda milliy mahsulotlarimizni yaratuvchi milliy brendlarimiz ham anchagina koʻpayib, oʻz nomi va dovrugʻi bilan kerak boʻlsa jahon bozorlariga chiqmoqda. Ammo baʼzi kompaniyalarning ishlab chiqarayotgan tovarlari sifat talablariga javob bermasligi natijasida “made in Uzbekistan” nomiga dogʻ tushirmoqda.
Yozning jazirama kunlarida insonlarning muzlatgich, havo sovitgich kabi mahsulotlarga ehtiyoji ortadi. Shu boismi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlar ichida aynan muzlatgich va konditsionerlarni sotib olib, soʻngra uning sifatsizligidan norozi boʻlayotganlar soni oshib ketdi. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassisi Gulnoza Sharafovaning maʼlum qilishicha, ayniqsa, Artel kompaniyasi ishlab chiqarayotgan mahsulotlar yuzasidan koʻplab noroziliklarni kuzatilmoqda. Quyida sizga ushbu murojaatlardan baʼzilarini havola etiladi.Fargʻonalik D.Sariboyeva “Mohigul yuksalish savdo” doʻkonidan 2 mln 100 ming soʻmga muzlatgich sotib oladi, uni ishlatish jarayonida yaxshi ishlamaganligi sababli savdo doʻkoni masʼuliga qoʻngʻiroq qiladi.
Masʼul xodim “Artel” rusumli muzlatgich boʻlganligi sababli mazkur kompaniyaning Fargʻona shahridagi servis markaziga yozma ravishda murojaat qilishlarini aytadi. Servis xizmatdan mutaxassis kelib, tuzatib ketgandan soʻng ham muzlatgich yaxshi ishlamaydi. Bundan jahli chiqqan D.Saribayev Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qiladi. Federatsiya xodimlari doʻkon maʼmuriyati va servis xizmati xodimlariga tushuntirish ishlari olib borib, ishga qonuniy yondashganlaridan soʻng servis markazi mutaxassislar tomonidan oʻtkazilgan qayta oʻrganish jarayonida muzlatgichda bartaraf qilish imkoniyati mavjud boʻlgan nuqson aniqlanib, kafolat muddati ichida bepul taʼmirlab berildi.
Isteʼmolchi taʼmirdan soʻng muzlatgichni talab darajasida, muammosiz ishlayotganligini maʼlum qildi.
Yana “Artel” muammosi
Angrenlik Botirbek Qambarov “Navoiy” koʻchasidagi doʻkonlarning biridan ARTEL muzlatgichini 2360000 soʻmga xarid qilib olgan. Oz fursatda muzlatgich nosozligi maʼlum boʻlgan. Bundan norozi boʻlib, doʻkonga murojaat qilganlarida, tuzatish uchun servis xizmatlarga bogʻlanishlarini bildirib, muammoni oʻzlaridan soqit qilgan. Ushbu masalaga yechimini topish maqsadida sarson- sargardon boʻlgach, Botirbek Qambarov umid bilan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga kelib, muammosini aytadi.
Ushbu holat federatsiya xodimlari tomonidan oʻrganildi. Holat aniqlangach, uch kundan soʻng mutasaddilar isteʼmolchi bilan “Navoiy” koʻchasidagi doʻkonga kelib, ishdan chiqqan muzlatgichning oʻrniga huddi shu rusumdagi yangi muzlatgichni tekshirib, almashtirib berishdi.-
Janubiy Koreyalik isteʼmolchining huquqi himoya qilindi
“Bizdagi muammoni qisqa muddatda hal qilib berganliklari uchun Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Oʻzbekistonda bunday tashkilot borligidan xursandman”. Janob K.Xan, Janubiy Koreya fuqarosi.
Ushbu minnatdorchilikning sababiga toʻxtaladigan boʻlsak, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Koreya isteʼmolchilar agentligi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolangan boʻlib, mazkur kelishuv doirasida har ikki tashkilot Koreyada Oʻzbekiston, Oʻzbekistonda esa Koreyalik fuqarolarga isteʼmolchilik huquqlariga oid masalalarida amaliy koʻmak berib kelmoqda.
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga koreyalik fuqaro janob K.Xan murojaat qilgan. U joriy yil 21-iyun kunida Fargʻona shahridagi supermarketlarning biridan 2 dona ARTEL konditsionerini umumiy 5 mln 642 ming soʻmga sotib olgan. Lekin konditsionerni oʻrnatgach, ertasi kuni ulardan birida muammolar kuzatilgan. K.Xan sotib olingan mahsulot havoni yaxshi sovitmayotganligini yuzasidan servis markazi xodimlariga maʼlum qilganligi, markaz ustalari esa muammoni bartaraf eta olmagan. Shundan soʻng savdo doʻkoniga borib nuqsonli konditsionerni sifatlisiga almashtirib berishlarini yoki pulini qaytarishlarini soʻragan, lekin murojaati ijobiy hal boʻlmaganligidan norozi boʻlgan.
Federatsiya xodimlarining saʼy-harakatlari natijasida, isteʼmolchining istagiga koʻra, nuqsonli tovar qaytarib olinib, xuddi shu markadagi sifatlisiga almashtirib berildi.
Nafaqat yurtdoshlarimiz hatto chet ellik mehmonlarni-da sarson qilayotgan Artel kompaniyasi hamda uning xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari “Milliy mahsulot- milliy gʻurur” shioriga amal qilishsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Aslida milliy brend millatning farovon hayotiga xizmat qilishi lozim emasmi?!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring