Armiyani hayot maktabi, deganlaricha bor ekan — Gulshod Hamroyeva

18:57 10 Yanvar 2024 Jamiyat
448 0

Buxoro viloyatidagi harbiy qismlardan birida tashkil etilgan “Askar onalarini sharaflaymiz” mavzusida oʻtkazilgan videomuloqot shaklidagi madaniy-maʼrifiy tadbirdan Gulshod Hamroyeva mamnun holda qaytdi.

— Farzandim Toshkent viloyatida oʻz yigitlik burchini oʻtayapti, — deydi u. — Videomuloqot orqali hol-ahvol soʻrashdim. Armiyani hayot maktabi, deganlaricha bor ekan. Gap-soʻzlari burro, oʻzi ancha bosiq boʻlibdi. Yuz-koʻzlaridan hayot, tinchlik, ota-ona qadrini chuqur his etayotgani sezilib turibdi. Barcha safdoshlari qatori Vatanimiz oldidagi burchini aʼlo darajada oʻtab, bagʻrimizga qaytishini intiq kutaman.

Bevosita tadbirga kelsak, u Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 32-yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan oʻtkazildi. Unda Buxoro shahridagi harbiy qismlarda yigitlik burchini oʻtayotgan Toshkent viloyatilik hamda mazkur viloyatda armiya xizmatida boʻlgan buxorolik muddatli harbiy xizmatchilar, ularning ota-onalari, yor-birodarlari ishtirok etishdi. Hayajonli damlarga boy boʻlgan marosimda har ikkala tomon onlayn tarzda diydorlashib, dil izhorlarini bayon etishdi. Onalarni, tinchlikni sharaflovchi kuy-qoʻshiqlar yangradi. Askar onalariga anvoyi gullar taqdim etildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер