“Arkadagʻ” Turkmaniston chempionati doirasida ilk bor ochko yoʻqotdi
“Arkadagʻ” futbol klubi oʻz tarixida ilk bor Turkmaniston chempionati doirasida ochko yoʻqotdi, deb xabar bermoqda TASS.
Kecha (12-aprel) boʻlib oʻtgan 2026-yilgi mavsumning ikkinchi oʻyinida “Arkadagʻ” “Axal” jamoasi bilan 0:0 hisobida durang oʻynadi.
“Arkadagʻ” klubi 2023-yilda Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan tashkil etilgan.
Jamoa uch karra Turkmaniston chempioni (2023, 2024, 2025) hisoblanadi. Klub oʻz ishtirokini boshlagan birinchi mavsumda 24 ta, ikkinchisida 30 ta, oʻtgan mavsumda esa 28 ta gʻalabaga erishgan. Shuningdek, “Arkadagʻ” 2026-yilgi mavsumning ilk uchrashuvida ham zafar quchgan edi. Shu tariqa, klub mamlakat ichki chempionatida ketma-ket 83 ta gʻalabali seriya qayd etdi.
Bundan tashqari, jamoa uch karra Turkmaniston Kubogi sohibi hamdir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring