“Arab” KSZ: 15 milliard soʻmlik investitsiya doirasida 100 turdan ortiq kabel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda

12:00 23 Fevral 2026 Jamiyat
536 0

Buvayda tumanining olis choʻl hududida tashkil etilgan “Arab” kichik sanoat zonasida oʻtgan qisqa vaqtda oʻnlab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Buvaydalik tadbirkorlar tashabbusi bilan oʻz faoliyatini boshlagan korxonalarda ilgari xorijdan import qilingan yuzlab turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Kichik sanoat zonasida ishga tushirilgan “Wire cable sistem group” korxonasida bugungi kunda 100 turdan ortiq sifatli kabel mahsulotlari ishlab chiqarilib, mamlakatimiz boʻylab ichki bozor ehtiyoji uchun yetkazib berilayotir.

Dastlabki bosqichda 15 milliard soʻm investitsiya kiritish hisobiga oʻz faoliyatini boshlagan korxonada bugungi kunda 40 nafarga yaqin mahalliy yoshlar mehnat qilmoqda. Korxonada xorijdan eng zamonaviy texnologiyalar olib kelib oʻrnatilgan boʻlib, mahalliylashtirish dasturi doirasida kerakli xomashyoning salmoqli qismi hududdagi tadbirkorlik subyektlaridan olinadi.

Ayni paytda jahon andozalari darajasidagi mahsulotlarni xorijga eksport qilish salmogʻi ham ortib bormoqda. Xususan, qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikiston bozorida ushbu mahsulotlar allaqachon xaridorgir boʻlib ulgurdi. Oʻzaro kelishuvga koʻra, yaqin vaqt ichida korxona mahsulotlarini Afgʻonistonga eksport qilishga kirishiladi.

Shuningdek, mamlakatimizning 12 ta viloyatida korxonaning savdo nuqtalari tashkil etilgan boʻlib, barcha turdagi kabellar ulgurji narxda yetkazib berilmoqda.

—Faoliyat koʻlami va mahsulot ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish maqsadida sanoat zonasi hududidan qoʻshimcha 2 gektar yer olish maqsad qilingan,—deydi korxona rahbari Elmurod Nasimov.—Buning samarasi sifatida joriy yilning ikkinchi choragida misni eritib, qayta ishlash sexi ishga tushiriladi. Hozirda bu yerda qurilish-montaj ishlari jadal davom etmoqda. Bu loyiha uchun korxonaning oʻz mablagʻi hisobidan 5 milliard soʻm investitsiya kiritiladi.

Tadbirkorning qayd etishicha, Prezidentimizning tadbirkorlarga yaratib berayotgan imkoniyatlari, soliq va bojxona imtiyozlari yanada kattaroq marralarni zabt etishga undayotir. Oʻz navbatida Hukumat komissiyasi va Fargʻona viloyati hokimligi doimiy ravishda yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazib, muammolarini yechib bermoqda. Yaqinda tadbirkorning navbatdagi murojaati ijobiy hal etilib, korxonada elektr taʼminoti uzluksizligini taʼminlash uchun yangi transformator oʻrnatildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер