AQSHning Ukrainaga qurol yetkazib berish rejasi fosh boʻldi
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Donald Tramp “NBC News” telekanaliga bergan intervyusida Ukrainaga qurol yetkazib berish rejasi haqida gapirdi.
“Biz NATOga qurol joʻnatamiz va NATO bu qurollar narxini toʻliq qoplaydi”, — deydi Oq uy rahbari.
Bu Tramp prezidentlikka qaytganidan keyin Ukrainaga qurol yetkazib berish boʻyicha aniq shaxsiy niyatini birinchi marta eʼlon qilishidir. Hozircha gap taxminan 300 million dollarlik paket haqida ketmoqda, unga “Patriot” raketalari va oʻrta masofaga moʻljallangan raketalar kiradi.
Boshqa bir manbaga koʻra, taʼminotlar nafaqat havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari, balki hujum qurollarini ham oʻz ichiga olishi mumkin. Ismini oshkor etmagan boshqa bir rasmiyning aniqlik kiritishicha, Yevropa ittifoqchilari orqali yetkazib berish sxemasi muhokama qilingan, ammo yakuniy reja nomaʼlumligicha qolmoqda.
Avvalroq, Tramp Kiyevga Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy undan soʻragan bir qancha harbiy yordam berishga rozi boʻlgani maʼlum boʻlgan edi.
Tramp, shuningdek, Kremlga nisbatan siyosati haqida muhim bayonot berishini maʼlum qildi.
“Oʻylaymanki, dushanba kuni Rossiya boʻyicha muhim bayonot berishga majbur boʻlaman”, — deydi u.
Oq uy rahbari nima haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi, biroq soʻnggi kunlarda Trampning Vladimir Putinga nisbatan ritorikasi oʻzgargan. U bir necha bor hafsalasi pir boʻlganini bildirgan va hatto Kreml rahbarining chiqishlarini “bemaʼnilik” deb taʼriflagan.
Rossiya tomoni hozirda bunga vazminlik bilan munosabat bildirmoqda. Mamlakat tashqi ishlari vaziri oʻrinbosari Sergey Ryabkov Tramp maʼmuriyati koʻp masalalarda “zigzag” qilayotganiga qaramay, Rossiya-Amerika munosabatlarida “ijobiy dinamika saqlanib qolayotganini” aytdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring