AQSHning 12 shtatida yangi kasallikning tarqalishi kuzatildi
Foto: AP
Amerika Qoʻshma Shtatlarining 12 shtatida listerioz kasalligining tarqalishi kuzatilmoqda. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, ushbu xastalik bilan 28 kishi kasalxonaga yotqizilgan, yana toʻrt kishi vafot etgan. U bilan bogʻliq oʻlim holatlari Illinoys va Nyu-Jersi shtatlarida, eng koʻp kasallanganlar Merilend va Nyu-Yorkda qayd etilgan.
Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish federal markazlarining xabar berishicha, kasallangan 10 kishidan toʻqqiz nafari doʻkonlarda sotib olingan goʻsht isteʼmol qilgan. Biroq xastalikka qaysi goʻsht sabab boʻlgani hozircha aniqlanmagan.
Listerioz yuqumli kasallik boʻlib, koʻplab klinik koʻrinishlarga ega. Jumladan, u asab tizimi va limfa tugunlarini shikastlaydi. Uning tarqalishiga odatda tuproqda yoki silosda yashaydigan bakteriyalar sabab boʻladi. Ular sabzavot va hayvon mahsulotlari bilan birga inson tanasiga kirishi mumkin.
Shu hafta boshida Kanada hukumati listeriozning avj olganini eʼlon qildi. Mamlakatning Ontario, Kvebek va Yangi Shotlandiya provinsiyalarida u bilan bogʻliq holatlar qayd etilgan.
Ikki kishi kasallikdan vafot etgan, yana toʻqqiz kishi kasalxonaga yotqizilgan. Taʼkidlanishicha, kasallanganlar oʻsimlikdan olingan salqin ichimliklar isteʼmol qilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring