AQSH Yaqin Sharqqa oʻz harbiylarini yuborishini maʼlum qildi
Foto: AP
Amerika Qoʻshma Shtatlari Qurolli Kuchlar Markaziy qoʻmondonligining Yaqin Sharqdagi masʼuliyat hududiga qoʻshimcha 300 nafar harbiy xizmatchini yuborishga qaror qildi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder jurnalistlar bilan boʻlib oʻtgan brifingda maʼlum qildi.
“Qoʻshma Shtatlardagi kontinental bazalarimizdan masʼuliyat hududiga qoʻshimcha 300 askar yuborish qarorini eʼlon qilishga tayyorman”, dedi u.
Rayderning taʼkidlashicha, harbiylar mintaqada allaqachon joylashtirilgan qoʻshinlarga portlovchi oʻq-dorilarni yoʻq qilish, aloqani taʼminlash, shuningdek, boshqa turdagi yordam koʻrsatishda ishtirok etadi.
Shu yilning 31-oktyabr kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar boʻyicha koordinatori Jon Kirbi AQSH hozirda Falastin-Isroil mojarosi hududida harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etishni rejalashtirmayotganini aytgandi.
Bungacha “Axios” portali amerikalik va isroillik rasmiylarga tayanib, AQSH prezidenti Jo Bayden maʼmuriyati Isroil va Falastinning HAMAS harakati oʻrtasidagi Gʻazo sektoridagi mojaro butun Yaqin Sharqqa tarqalishi mumkinligiga tayyorgarlik koʻrayotgani haqida yozgan edi.
29-oktyabr kuni “Stars and Stripes” nashri guvohlar va tahlilchilarga tayanib, AQSHning “Duayt Eyzenxauer” samolyot tashuvchi kemasi Yaqin Sharqqa ketayotganda Gibraltar boʻgʻozidan oʻtgandan soʻng Oʻrta Yer dengizida kema kuzatuvchilari va razvedka tahlilchilari tomonidan payqalgani haqida xabar bergandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring