AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklikni har tomonlama rivojlantirish uchun bor kuchim va tajribamni sarflayman — Elchi Jonatan Xenik
Foto: Tashqi ishlar vazirligining ''Dunyo'' axborot agentligi
Tantanali tadbir avvalida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha yordamchisi Donald Lu AQSHning Oʻzbekistondagi yangi elchisining kasbiy fazilatlariga yuqori baho berdi. Uning taʼkidlashicha, elchi diplomat sifatida xalq diplomatiyasi, inqirozlarni boshqarish va nizolarning oldini olishda katta tajribaga ega. Donald Lu uning Kolumbiya universitetida ishlagan davridagi va keyinchalik Toshkentdagi AQSH elchixonasining uchinchi kotibi (1994-1996 yy.) lavozimiga tayinlanganidan beri Markaziy Osiyo boʻyicha chuqur bilimga ega ekanligi haqida toʻxtalar ekan, Jonatan Xenik oʻzining ish tajribasi orqali AQSH-Oʻzbekiston munosabatlarini yanada chuqurlashtirishiga ishonch bildirdi.
Oʻz navbatida, Jonatan Xenik oʻziga bildirilgan yuksak ishonch uchun minnatdorlik izhor etib, AQSH nomidan Oʻzbekistonda vakillik qilish diplomat hayotidagi katta sharaf ekanini taʼkidladi. U 1990-yillar boshida universitet talabasi sifatida Oʻzbekistonga birinchi safarini va Toshkentdagi ilk diplomatik vazifasini yodga oldi. Amerikalik diplomat oʻshandayoq Oʻzbekiston xalqining oʻziga xos mehmondoʻstligi, samimiyligi va mehribonligiga amin boʻlganini taʼkidladi.
U AQSH-Oʻzbekiston strategik sherikligini har tomonlama rivojlantirish, Oʻzbekiston mustaqilligi, suvereniteti va xavfsizligini, shuningdek, mamlakatning demokratik va iqtisodiy rivojlanishini yanada qoʻllab-quvvatlash uchun barcha saʼy-harakatlarini amalga oshirishga vaʼda berdi.
Oʻzbekiston elchixonasi xabariga koʻra, rasmiy marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan uchrashuvda Javlon Vahobov va Jonatan Xenik Oʻzbekiston-Amerika hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar. Tomonlarning konstruktiv siyosiy muloqotni kengaytirishga oʻzaro tayyor ekanligi taʼkidlandi. Savdo, sarmoya, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, turizm va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Eslatib oʻtamiz: Jonatan Xenik 2019-2022-yillarda Toshkentdagi AQSH diplomatik missiyasini boshqargan va AQSH Senati tomonidan Qozogʻistondagi yangi elchi etib tasdiqlangan Deniyel Rozenblyum oʻrniga Oʻzbekistondagi elchi lavozimiga tayinlangan.
Yangi elchi kelguniga qadar AQSHning Oʻzbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili vazifasini diplomatik missiya rahbari oʻrinbosari Pol Politis bajaradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring