AQSH va Eron oʻt ochishni shni 45 kunga toʻxtatish boʻyicha kelishuvga yaqin — “Reuters”
Foto: AP
Eron va AQSH oʻrtasidagi harbiy harakatlarni 45 kunga toʻxtatish boʻyicha reja ishlab chiqilgani maʼlum boʻldi. Bu haqda manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Manbaga koʻra, ushbu tashabbus bugun, 6-aprel kunidan kuchga kirishi va Hoʻrmuz boʻgʻozini qayta ochishni nazarda tutadi. Reja Pokiston tomonidan tayyorlanib, ikki davlatga taqdim etilgan.
Maʼlum qilinishicha, taklif ikki bosqichdan iborat: avval zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish, keyin esa keng qamrovli kelishuv imzolash. Dastlabki kelishuv Pokiston vositachiligida elektron tarzda imzolanadigan anglashuv memorandumi shaklida rasmiylashtirilishi rejalashtirilgan. Muzokaralarda Pokiston yagona aloqa kanali sifatida ishtirok etmoqda.
“Axios” nashrining xabar berishicha, AQSH, Eron va mintaqaviy vositachilar urushni toʻliq toʻxtatishga olib kelishi mumkin boʻlgan ikki bosqichli kelishuv doirasida 45 kunlik oʻt ochishni toʻxtatish masalasini ham muhokama qilgan. “Reyter” manbasiga koʻra, Pokiston armiyasi qoʻmondoni feldmarshal Osim Munir AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, maxsus vakil Stiv Uitkoff va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan tun boʻyi muloqot qilgan.
Taklifga koʻra, oʻt ochishni toʻxtatish darhol kuchga kirib, Hoʻrmuz boʻgʻozi qayta ochiladi va 15–20 kun ichida kengroq kelishuv yakunlanishi kutilmoqda. Shartli ravishda “Islomobod kelishuvi” deb nomlanayotgan hujjat doirasida boʻgʻozdan foydalanish boʻyicha mintaqaviy mexanizm ham nazarda tutilgan. Yakuniy yuzma-yuz muzokaralar Islomobod shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Manbaga koʻra, yakuniy kelishuv Eronning yadroviy qurol yaratmaslik boʻyicha majburiyatlari evaziga sanksiyalarni yumshatish va muzlatilgan aktivlarni qaytarishni oʻz ichiga olishi mumkin. Shu bilan birga, Eron hozircha bu takliflarga rasman rozilik bildirmagan. Avvalroq Tehron doimiy oʻt ochishni toʻxtatish va AQSH hamda Isroil tomonidan qayta hujum qilinmasligi boʻyicha kafolatlar talab qilayotganini bildirgan.
Soʻnggi diplomatik faollik Hoʻrmuz boʻgʻozi orqali neft tashishga xavf tugʻdirayotgan keskinlik fonida kuzatilmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp soʻnggi kunlarda mojaroni tez fursatda tugatishga chaqirib, yaqin vaqt ichida kelishuvga erishilmasa, oʻta ogʻir oqibatlar boʻlishi mumkinligidan ogohlantirgan. Mojaro energiya bozorlarida ham beqarorlikni kuchaytirib, treyderlarni boʻgʻoz orqali taʼminotga taʼsir qiluvchi har qanday oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatishga majbur qilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring