AQSH va Buyuk Britaniya Yaman hududini yana bombardimon qildi
Foto: U.S. Air Force
AQSH va Buyuk Britaniya harbiylari Yamanning El-Bayda muzofotidagi husiylar pozitsiyalariga yangi havo hujumlarini amalga oshirdi.
“AQSH va Britaniya seshanba kuni Yaman poytaxti Sanadan janubi-sharqda joylashgan El-Bayda muzofotidagi kazarmalarga zarba berdi. Amerika va Britaniya samolyotlari Mukayras tumani harbiy lageri, At-Taffa qalʼasi hududidagi “Ansor Alloh” harakati obyektlarini hamda As-Savma tumanidagi obyektlarni bombardimon qildi”, — deyiladi manbada.
Vashington va London reydni husiylar Adan koʻrfazida AQSH kemasiga raketa hujumi uyushtirilganini eʼlon qilganidan bir kun oʻtib amalga oshirgan.
Oʻtgan yilning noyabr oyi oʻrtalarida Yamanning shimolini boshqarayotgan “Ansor Allah” (husiylar) Gʻazo sektoridagi falastinliklarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qizil dengizdagi Isroil bilan bogʻliq kemalarga hujum qila boshladi. Buning natijasida Suvaysh kanali orqali yuk tashish keskin kamayib ketdi.
AQSH, oʻz navbatida, boshqa oʻnta davlat bilan birga kemalarni himoya qilish boʻyicha operatsiya boshlanganini eʼlon qildi. “Ansor Alloh” bu koalitsiya aʼzolarining kemalariga hujum qilish huquqini oʻzida saqlab qolishi haqida ogohlantirdi. Husiylar va AQSH harbiylari oʻrtasida dengizda bir necha bor toʻqnashuvlar sodir boʻlgan.
Oʻtgan juma kuni kechqurun AQSH va Buyuk Britaniya Yamanning toʻrt viloyatidagi nishonlarga havodan zarbalar berib, “Ansor Alloh” harakatiga qarshi operatsiya boshladi. AQSH prezidenti Jo Bayden buni harbiy harakatlarni davom ettirish imkoniyatini inkor etmasdan, navigatsiya erkinligiga tahdidga javob deb atadi.
Husiylarning aytishicha, javob raketa hujumi natijasida Qizil dengizda AQSH harbiy kemasini choʻktirishga muvaffaq boʻlingan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring