AQSH Isroilga harbiy yordamni oshirishda davom etmoqda
Foto: AP
Amerika yetakchilarining Gʻazo sektorida tinch aholi qurbon boʻlishining oldini olishga qaratilgan chaqiriqlariga qaramay, Qoʻshma Shtatlar Isroilga harbiy yordamni pinhona oshirmoqda. Bu haqda “Bloomberg“ agentligi qurollar roʻyxati keltirilgan AQSH mudofaa vazirligi hujjatiga tayanib xabar bermoqda.
Hujjat “Isroilning yuqori martabali rahbarining soʻrovlari” deb nomlangan. Unga koʻra, qurollar yo allaqachon yetkazib berilmoqda yoki AQSH mudofaa vazirligi ularni zaxiralardan joʻnatish ustida ishlamoqda. Hujjatga koʻra, oktyabr oyining oxiriga kelib, 30 mm toʻplar uchun 36 mingta snaryad, 1800 ta M141 bunkerga qarshi oʻq-dorilar va kamida 3500 ta tungi koʻrish moslamalari yetkazib berilgan.
Qayd etilishicha, Isroilga yordam deyarli har kuni yetib borishda davom etmoqda. AQSH tezkorlik bilan yuqori aniqlikdagi oʻq-dorilar, kichik diametrli bombalar, 155 mm artilleriya snaryadlari va boshqa oʻq-dorilarni yetkazib bermoqda.
Boshqa narsalar qatorida, Isroil beriladigan aslahalar roʻyxatiga 57 mingta 155 mm.dan ortiq yuqori portlovchi artilleriya snaryadlari, 20 mingta M4A1 miltigʻi, besh mingga yaqin PVS-14 tungi koʻrish moslamalari, uch mingta M141 bunkerga qarshi oʻq-dorilar, 400 ta 120 mm minomyot va 75 ta armiya taktik va dengiz piyodalari uchun mashinasi kiritilgan. Bundan tashqari, Isroilga 200 ta “Switchblade“ 600 droni kerakligi qayd etilgan. Biroq ushbu qurollar Amerika armiyasida mavjud emas.
Avvalroq, AQSH Davlat kotibi yordamchisi oʻrinbosari Sten Braun Isroil va Ukraina oʻrtasida qurol-yarogʻ masalasida raqobat yoʻqligini aytgan edi. Davlat departamenti vakilining taʼkidlashicha, Qoʻshma Shtatlar ikkala davlatga yordam koʻrsatishi mumkin, chunki ularning umumiy ehtiyojlari “sezilarli darajada farq qiladi”. Braun, shuningdek, Vashington har yili Isroil bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik uchun taxminan 3,3 milliard dollar ajratayotganini qayd etdi.
Gʻazo sektoridagi qarama-qarshilik shu yilning 7-oktyabr kuni boshlandi. Shu kuni ertalab HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqsa toʻfoni” deb nomlangan harbiy operatsiya boshladi va havodan zarbalar berdi. Minglab jangarilar yahudiylar davlati hududiga bostirib kirib, oʻnlab harbiy texnika va yuzdan ortiq insonni garovga oldi.
Shundan soʻng Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat urush holatida ekanligini eʼlon qildi. Mamlakat mudofaa kuchlarining javob operatsiyasi “Temir qilichlar” deb ataldi va uning maqsadlaridan biri HAMASni yoʻq qilish hisoblanadi.
2023-yil 28-oktyabrda Isroil Gʻazoda quruqlikdagi operatsiyani boshladi. Yaqin Sharqda navbatdagi eskalatsiya boshlanganidan beri Gʻazo sektorida halok boʻlganlarning umumiy soni 10 ming nafarga yaqinlashdi.
Oldinroq, HAMAS siyosiy byurosi aʼzosi Usama Hamdan 7-oktyabr, mojaro avj olganidan beri Isroil Gʻazo sektoriga 35 ming tonna portlovchi moddani tashlaganini maʼlum qilgan edi.
Shuningdek, u AQSH va shaxsan prezident Jo Baydenni Gʻazo sektoridagi ommaviy qotilliklarda aybladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring