AQSH Eron portlari bilan bogʻliq trafikni toʻliq blokada qilishni boshlaydi
AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligi (CENTCOM) Eron portlariga kiruvchi va u yerdan chiquvchi barcha dengiz trafigini blokada qilishni boshlashga vaʼda bermoqda. Tegishli post X ijtimoiy tarmogʻida eʼlon qilindi.
“CENTCOM prezident eʼloniga muvofiq, 13-aprel kuni Sharqiy sohil vaqti bilan soat 10:00 da Eron portlariga kiradigan va chiqadigan barcha dengiz trafigi blokadasini amalga oshirishni boshlaydi”, — deyiladi xabarda.
Mazkur chora har qanday mamlakat kemalariga daxl qiladi, ammo faqat ular Eron portlari va sohilboʻyi hududlariga yoki u yerdan harakatlanayotgan boʻlsagina. Bu Fors va Ummon koʻrfazlaridagi barcha Eron portlariga taalluqlidir.
Bayonotga koʻra, CENTCOM kuchlari Hoʻrmuz boʻgʻozi orqali Eronga tegishli boʻlmagan portlarga yoʻl olgan yoki u yerdan kelayotgan kemalarning erkin harakatlanishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Oʻtgan dam olish kunlari AQSH Prezidenti Donald Tramp Hoʻrmuz boʻgʻozi blokada qilinishini eʼlon qilgan edi. U Amerika harbiylari boʻgʻozdan foydalanishga uringan barcha kemalarni toʻxtatishini taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz, 11–12-aprel kunlari Islomobodda boʻlib oʻtgan AQSH va Eron oʻrtasidagi muzokaralar natijasiz yakunlangan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring