AQSH Davlat kotibi yana Yaqin Sharqqa yoʻl oldi. Bu uning soʻnggi oylardagi mintaqaga sakkizinchi safari
Foto: Reuters
AQSH BMT Xavfsizlik Kengashida oʻt ochishni toʻxtatish rejasini ilgari surish uchun Isroilga bosim oʻtkazayotgan bir paytda yahudiy davlati askarlarining Gʻazodagi hujumi davom etmoqda.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroil — HAMAS urushida oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha soʻnggi takliflarni ilgari surish ilinjida Yaqin Sharqqa yoʻl oldi.
Vashingtonning yuqori lavozimli rasmiysi 10-iyun kuni Misr va Isroilga tashrif buyuradi. Undan soʻng Iordaniya va Qatarda boʻlishi kutilmoqda. Bu Blinkenning oxirgi bir necha oy ichida mintaqaga sakkizinchi safari boʻladi.
AQSH tomonidan oʻt ochishni toʻxtatish taklif qilinishga qaramay na Isroil na HAMAS rejani toʻliq maʼqullamaganligi sababli janglar hamon davom etmoqda. Shu yilning 9-iyun kuni ertalab Gʻazo osmoni boʻylab yangi hujumlar amalga oshirilgan.
AQSH kotibi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu va Mudofaa vaziri Yoav Gollant bilan uchrashishdan oldin, Qohirada Misr Prezidenti Abdel Fattoh as-Sisi bilan koʻrishadi. Qoʻshma Shtatlar rasmiysi oʻt ochishni toʻxtatish taklifini ilgari surish bilan bir qatorda Misr va Rafah chegara punktini qayta ochishni ham muhokama qilishi mumkin. Isroil kuchlari oʻtgan oy anklav janubida quruqlik hujumini boshlaganidan keyin gumanitar yoʻlakni yopib qoʻygan edi.
HAMASning yuqori martabali rasmiysi Sami Abu Zuhriy AQSHni urushni toʻxtatish uchun Tel-Avivga bosim oʻtkazishga chaqirgan. Shuningdek, u jangni tugatish uchun har qanday muzokaraga tayyorligini bildirgan.
Blinkenning safari Gʻazo markazidagi Nuseyrat qochqinlar lagerida kamida 274 nafar falastinlikning oʻlimi va 698 kishi yaralanish fojiasi fonida amalga oshirilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring