“Aqlvoy” telekanalida bolalar uchun nomaʼqul boʻlgan sahnalar efirga uzatildi
Soʻnggi kunlarda «Aqlvoy» telekanali orqali namoyish etilgan «Shaxrizoda. Aytilmagan hikoyalar» va «Art-Odissey» multseriallaridagi 2 ta lavha keng jamoatchilik orasida muhokamaga sabab boʻldi. «Aqlvoy» telekanali ijodkorlarining maʼlum qilishicha, mazkur holat inson omili sabab yuzaga kelgan va buning uchun telekanalning barcha ijodkorlari tanbeh olgan.
«Afsus bilan shuni tan olamizki, bolalarda yangilikka intilish, ularni jahon madaniy merosi bilan tanishtirish, atrof-muhitni oʻrganishga qiziqish uygʻotishga qaratilgan kontent tanlanganiga qaramay, uning ichida kichik yoshdagi bolalar uchun nomaʼqul boʻlgan sahnalar inson omili sabab efirga uzatilgan.
Shuni maʼlum qilamizki, «Aqlvoy» telekanali har jihatdan hali juda yosh va joriy yilning 22-martidan boshlab test rejimida efirga uzatib borilmoqda. Tom maʼnoda kanalimiz endi oyoqqa turmoqda. Yoʻl qoʻyilgan xatolar, albatta, kanalimizning kelgusida ehtiyotkorlikka amal qilishiga, uning yana-da yaxshilanishi, qiziqarli va foydali boʻlishiga turtki boʻladi.
Ushbu yoʻl qoʻyilgan xato boʻyicha butun kanal ijodkorlari kerakli tanbehni oldi. Ular yana bir bor Oʻzbekiston Respublikasining «Bolalarni ularning sogʻligiga ziyon yetkazuvchi axborotlardan himoya qilish» toʻgʻrisidagi qonun talablari bilan tanishtirib chiqildi va ushbu qonun buzilish holatlarida intizomiy jazo qoʻllanilishi haqida ogohlantirildi. Shuningdek, kontent nazorati kuchaytirilishi uchun qoʻshimcha xodim ishga olinadi.
Kelajakda yuqoridagi kabi xatolarga yoʻl qoʻyilmaslik uchun dublyaj bilan shugʻullanayotgan kompaniyalar bilan qoʻshimcha kelishuvlar amalga oshirildi. Endi ularga maʼnaviyatimizga zid boʻlgan lavhalar haqida maʼlumot berib turish majburiyati topshiriladi.
Yana bir bor barcha teletomoshabinlarga yoʻl qoʻyilgan xatoga befarq boʻlmaganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Aynan siz tufayli kanalimiz oʻsib, rivojlanib, yaxshilanib boradi. «Aqlvoy» telekanali yangi ilmiy-ommabop dasturlar va rang-barang kinomahsulotlar bilan bolalarni quvontirishda davom etadi», deyiladi telekanal maʼlumotida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring