“Anzirat buvi”lar mahalla kezadi

11:55 05 Fevral 2025 Jamiyat
404 0

— Men “Oqila ayollar” harakati aʼzolarini qirq yildan buyon ekranlardan tushmay kelayotgan “Suyunchi” filmining bosh qahramoni Anzirat buviga oʻxshataman, — deydi Guliston shahar hokimi oʻrinbosari Aziza Payziyeva. — Anzirat buvini bejiz mahallaning vijdoni deyishmagan. U borligi tufayli qishloqqa oʻgʻri tushmaydi. Oilaviy ajrimlar boʻlmaydi. Oradan mehr-oqibat koʻtarilmaydi. Keksayu yosh uning gaplariga, nasihatlariga quloq tutadi. Bizning oqila ayollarimiz ham aynan, Anzirat buvining izdoshlari desam, adashmagan boʻlaman. Shahrimizdagi 24 ta mahallaning barchasida “Oqila ayollar” harakati rahbari bor. Ular oʻz atrofiga 15 nafardan piri badavlat, maʼnaviyatli, bilimli, namunali oila bekalari, ibratli qaynonalarni jamlagan. Ayniqsa, “Ibratli”, “Baxt”, “Shodlik”, “Doʻstlik”, Bogʻi shamol» mahalla fuqarolari yigʻinlaridagi “Oqila ayollar” harakati aʼzolarining faoliyati tahsinga loyiq. Jumladan, “Ibratli” mahallasidagi “Oqila ayollar” harakati rahbari Mamlakat Bekmanovani vohamizdagi barcha ayollar yaxshi taniydi. U yetakchiligidagi oqila ayollar, buvijonlar oilaviy ajrimlarni hal qilish, qaynona-kelin munosabatlarini yaxshilashga hissa qoʻshishdan tashqari tez-tez hududdagi maktab va turli boshqa jamoalar huzuriga borib, yoshlarga maʼnaviyat boʻyicha saboq beradi. Shuningdek, kitobxonlikni targʻib qilish, yangi kitoblar taqdimotlarini oʻtkazish, maktab kutubxonasini yangi kitoblar bilan boyitishga hissa qoʻshish kabi xayrli ishlarga bosh-qosh.

— Mahallamizdagi piri badavlat keksa onaxonlarning barchasi “Oqila ayollar” harakati aʼzosi, — deydi “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Norposhsha Farmonova. — Chunki ular qoʻsha-qoʻsha kelinlar tushirib, qizlar uzatib oila muqaddasligini asrash, uni mustahkamlash, oʻzaro ahillik, mehr-oqibat borasida barchaga namuna boʻlmoqda. Yana bir ibratli tomoni, qishloq kayvonilari qay bir xonadonga kirmasin, ularni izzat-ikrom bilan qarshi oladi, pand-nasihatlariga quloq tutadi. Hech kim “Oilaviy munosabatlarimizga aralashmang, bu sizning ishingiz emas” degan gapni aytmaydi. Chunki qishloq xonadonlarida voyaga yetgan yigit-qizlar ota-onalari, bobo va buvijonlaridan “Bir bolaga yetti mahalla — ota-ona” degan tamoyil asosida tarbiya olgan. Mahallamizning boshqa mahallalarga kelin boʻlib tushgan qizlari ham shu tartibga rioya qiladi. Bolalar tarbiyasiga ana shunday katta eʼtibor tufayli qishlogʻimizda oʻtgan yillar mobaynida birorta ajrim qayd etilmagan. Mahallamizda yana bir ibratli udum mavjud. Kimning uyida biror toʻy-hasham, maʼraka boʻlsa, kelinlar qaynonalari boshchiligida koʻmakka keladi. Mahallamiz ahlining chorvachilik va dehqonchilikdan tashqari yana bir ajoyib yumushi borki, u tufayli dovrugʻi elga doston. Aholi azaldan qovunqoqi tayyorlash bilan shugʻullanadi. Hamma xonadonlarda qaynonalar boshchiligida kelinlar shu ish bilan mashgʻul boʻladi. Ana shunday halol mehnat “Er-xotin — qoʻsh hoʻkiz” tamoyili asosidagi hamjihat harakat tufayli roʻzgʻor toʻkis, turmush farovon. Yana bir narsa bilan maqtansak boʻladi, bizning mahalladan bir nafar ham ayol ish izlab, xorijga ketmagan. Mahallamizdagi bunday havas qilsa arzigulik ijtimoiy-maʼnaviy muhitning mustahkam qaror topishida, albatta, “Oqila ayollar” harakatining ham salmoqli hissasi bor.

Bugun mahalla tizimidagi ana shunday ibratli ishlar va ularda xotin-qizlarning bevosita ishtiroki haqida soʻz yuritiladigan boʻlsa, “Oqila ayollar” harakati ham tilga olinadi. Chunki tuzilma oʻz nomiga yarasha, doimo harakatda, izlanishda.

Bugungi kunda Sirdaryo viloyatidagi “Oqila ayollar” harakatining 4 ming nafarga yaqin aʼzosi oila va xotin-qizlar tizimining chin maʼnodagi koʻmakchisiga, voha ayollarining dildosh-u sirdoshiga aylangan. Oʻtgan yilda harakat aʼzolari tomonidan milliy qadriyatlar, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, farzand tarbiyasi, yoshlarni Vatanga sadoqatli qilib tarbiyalash, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oila muqaddasligi tushunchasini, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish borasida koʻplab yumushlar bajarildi. Ularning samarasi bugungi ijtimoiy, maʼnaviy hayotda, mahalla tizimida, oilada oʻz ifodasini topmoqda. Eng muhimi, harakat aʼzolari mahallalardagi har bir xonadonga kirib borib, oilalarning quvonch-u tashvishlariga sherik boʻlmoqda. Nizoli holatlarni bartaraf etishga, turli muammolarni hal etish, jumladan, oilaviy ajrimlar sonini kamaytirishda faol ishtirok etmoqda.

Xolida PARDABOYEVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер