“Angren shakar”ning nega oromi buzildi?
Bugun mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash har qachongidan ham dolzarb jarayonga aylandi. Chunki koronavirus pandemiyasi tufayli baʼzi turdagi isteʼmol mahsulotlarining respublikamizga import qilinish hajmi kamayishi kuzatilmoqda. Xomashyosi xorijdan keltiriladigan ayrim mahsulotlar borasida bu muammo yana-da beqarorlashishi mumkin. Bunday sharoitda import mahsulotlari bilan raqobatlasha oladigan mahalliy sanoatimizni takomillashtirish zarurati yuzaga kelyapti.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-may kuni xuddi shu masalada, iqtisodiyotda raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Unda Prezident tomonidan bu boradagi bir qator ustuvor vazifalar ilgari surildi. Jumladan, davlat rahbari: “Meni tashvishlantiradigan masala shuki, korxonalarimiz tashqi raqobatga bardosh bera oladimi? Chetdan tovar kirib kelsa, yurtimizda ishlab chiqarilgan xuddi shunday mahsulot unga raqobatchi boʻla oladimi? Mahalliy mahsulotlarning tannarxini pasaytirsak, xorijdan oʻzlari olib ketishadi”, —dedi.
Strategik ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari sirasiga kiruvchi shakarni respublikamizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyilishida aynan ana shu maqsad koʻzda tutilgandi. Biroq bugun mamlakatimizda shakar ishlab chiqarish sanoati mavjudligiga qaramasdan, uni ichki bozorimizga import qilish hajmi koʻpaymoqda. Buning nimasi yomon dersiz?! Tashvishli jihati shundaki, “Rusagro” maʼlumotlariga koʻra, Rossiya shakarini yetkazib berish borasida eng manfaatli yoʻnalish — Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Oʻzbekiston hisoblanadi. Guruh bosh direktori Maksim Basovning fikricha, agarda Rossiya 0,5 million tonnadan ortiq shakar ishlab chiqarsa ham, uning hammasi Oʻzbekistonga joʻnatiladi.
Bu faktlar mamlakatimiz ichki bozorini ekologik toza holdagi arzon shakar bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida 2014-yilda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida bunyod etilgan “Angren Shakar” MCHJ faoliyatiga soya tashlashi turgan gap.
2000-yillarda Oʻzbekistonga chetdan shakar kiritishga 30 foizlik ustama qoʻllanilardi. Doimo foyda ortidan quvuvchi ayrim tadbirkorlar esa bu savdodan bugungidek daromad koʻrishmasdi. Shu bois boʻlsa kerak, ushbu biznesga hamma ham yurak yutib sarmoya tikmasdi. Natijada oʻsha davrlarda aholining shakarga boʻlgan talabini toʻliq qoplash borasida bir qator muammolar yuzaga kelgan. Chunki, 1998-yilgacha aholi isteʼmoli uchun zarur boʻlgan shakar 100 foiz chetdan keltirilardi-da.
Aslida, “Angren Shakar”ni bunyod etishdan koʻzlangan bosh maqsad ham mana shu muammoni mahalliy mahsulot hisobiga bartaraf etish, ichki bozorda raqobat muhitini yaratishga yoʻnaltirilgandi.
Rasmiy statistika maʼlumotlariga koʻra, mamlakatimiz aholisining shakar isteʼmol qilishga boʻlgan bugungi yillik ehtiyoji 700 ming tonnani tashkil etadi. Ohangaron va Xorazmdagi korxonalarning oylik ishlab chiqarish quvvatini inobatga oladigan boʻlsak, bu talab mahalliy mahsulot hisobiga emin-erkin qoplanishi mumkin. Biroq oʻzaro raqobatni rivojlantirish uchun importchilarga berilgan katta imtiyoz mahalliy shakar sanoatini ichki bozordan siqib chiqarilishi, ustiga-ustak sohada xorij shakarchilarining toʻliq monopoliya oʻrnatishlariga yoʻl ochib bermaydimi?
Kechagi yigʻilishda monopoliya masalasiga ham jiddiy eʼtibor qaratildi. Monopol tovarlar roʻyxatini keskin qisqartirishga qaratilgan “yoʻl xaritasi” tasdiqlash vazifasi belgilandi. Bular mamlakatimiz rahbariyatining mahalliy sanoatni rivojlantirish, ichki bozorimizda sogʻlom raqobat muhitini yaratish yoʻlidagi navbatdagi ulugʻvor qadamlaridan yana biridir.
“Angren Shakar” MCHJ Toshkent viloyatidagi barqaror ishlovchi korxonalardan hisoblanadi. Hatto pandemiya sharoitida ham uning jamoasi karantin cheklovlari tufayli joriy etilgan sanitariya-epidemiologiya qoidalarga qatʼiy rioya etgan holda oʻz ahilliklarni namoyon etishdi. Korxona ishchilarining bandligi toʻliq taʼminlandi. Ishlab chiqarish jarayoni Germaniya, Avstriya, Belgiya, Finlyandiya kabi yetakchi davlatlarning eng zamonaviy, ilgʻor texnologiyalari asosidagi uskunalar bilan jihozlangan. Korxonani bunyod etishda moliyalashtirilgan loyiha toʻliq oʻzini-oʻzi taʼminlash tizimini yaratgan. Butun ishlab chiqarish jarayoni kompyuter boshqaruviga ulangan. Toʻrt smenalik ishda inson omili tartibli ravishda ishtirok etadi. Shu bois, laboratoriya va sexlarda maxsus korjomadagi ishchilarni deyarli uchratmaysiz. Mutaxassislar butun jarayonni onlayn rejimida, maxsus xonalardan turib boshqaradilar. Bu korxona faoliyatida allaqachon joriy etilgan raqamli iqtisodiyotning bir koʻrinishidir.
Archazor va gullarga burkangan korxona hovlisidagi yashillik va orastaliklar havasingizni keltiradi. Yerga yogʻ tushsa yalagudek yoʻlaklar shu darajada saranjom-sarishta. Bu yerda unumli mehnat qilish va mazmunli hordiq chiqarish uchun hamma sharoit muhayyo. Korxona bugʻ dvigatellari bilan ishlovchi eng zamonaviy kichik elektrostansiyasiga ega. Shu bois, tashqi elektr taʼminotiga muhtojlik sezilmaydi. Tayyor mahsulotlarni qadoqlash uchun zarur boʻladigan polipropilen qoplari ham shu yerning oʻzida, Tayvandan keltirilgan bir kecha kunduzda 25 ming dona qop ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan uskunalarda dastlab sunʼiy tola holida yigirilib, keyin maxsus liniyalarda tikiladi. Unga talab etiladigan xomashyo granulalari Shoʻrtan va Ust-Yurtdagi gazni qayta ishlash korxonalaridan olinadi.
—“Angren Shakar” korxonasi viloyat va tumanimizning faxri hisoblanadi. Toʻliq texnik taʼminot va jarayonlarning avtomatlashtirilganligi darajasi boʻyicha korxona dunyodagi sanoqli zavodlar sirasiga kiradi, — deydi Ohangaron tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Mirshohid Miryunusov. — Ular barcha iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarda faol qatnashmoqda. Viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi huzuridagi homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi,“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi orqali mehr-muruvvatga muhtoj hamda boquvchisini yoʻqotgan oilalarga, yolgʻiz keksalar, urush va mehnat faxriylariga moddiy yordam koʻrsatish borasida qator ibratli loyihalarni amalga oshirishmoqda. Tumanning “Qorabaliq” MFY va Toshariq qishlogʻida istiqomat qiluvchi yuzlab ehtiyojman xonadonlarga begʻaraz yordam koʻrsatishdi. Tuman hududini obodonlashtirish, atrof-muhit muhofazasini taʼminlashda, hududda ichki turizmni, sogʻlom turmush tarzini, sportni rivojlantirish borasida ham muayyan ishlar qilishyapti. Xususan, “Sport-salomatlik garovi” shiori ostida mini-futbolni ommalashtirishdagi tashabbuslari tahsinga loyiq.
Korxonadagi barqarorlik tumanimiz iqtisodiyotini yuksaltirishda, mahalliy yoshlarni ish bilan taʼminlashda oʻz ahamiyatiga ega. Soliq toʻlovlarining vaqtida amalga oshirilishi esa hudud byudjetiga salmoqli ulush boʻlib qoʻshilmoqda. Birgina misol: shakarqamishni qayta ishlash davomida, chiqindi sifatida ikkilamchi xom ashyo melassa ajratib olinadi. U “V” guruhidagi vitaminlarga, shuningdek, kalsiy, magniy, temir, fosfor va kaliyga nihoyatda boy. Korxonada yiliga 11 ming tonnaga yaqin melassa ajratib olinadi. Uni tibbiyot spirti, achitqi va chorva ozuqasi ishlab chiqaruvchi respublikamiz hududidagi barcha korxonalar arzon narxlarda xarid qilishadi. Birgina shu jarayonning oʻziyoq “Angren Shakar”ning uzluksiz ishlashi mamlakatimiz xalq xoʻjaligi uchun qanchalik zarurat ekanligini koʻrsatib turibdi.
—Xorijdan import qilinuvchi xom ashyoni (shakarqamish va qand lavlagini) qayta ishlab, bir kecha-kunduzda ming tonna shakar ishlab chiqarish imkoniyatiga egamiz, — deydi “Angren Shakar” MCHJning bosh texnologi Bahrom Qurbonov. — 2014-yil sentyabr oyidan boshlab mamlakatimiz ichki bozoriga 2- va 3- toifali shakar yetkazib beramiz. Asosiy hamkorlarimiz “Soca-Cola”, “Pepsi” va “Nestle” kompaniyalari.
Germaniya texnologiyasi asosida bosqichma-bosqich tozalangan eng sifatli shakar ishlab chiqaruvchi uskunalar mahsulotimizni ISO-9001 xalqaro sifat standartlari darajasiga olib chiqdi. Shu bois tayyor mahsulotlarimiz xavfsizligi boʻyicha xalqaro sifat standarti FSSCO-22000 sertifikatlariga ega. Bu jarayon har yili Shveysariyaning SGS kompaniyasi tomonidan oʻtkaziladigan audit tekshiruvlari natijasiga koʻra baholab boriladi. Bizda ishlab chiqarilayotgan shakar jahon standarti talablariga javob beradigan ekologik toza mahsulot boʻlib, ichki bozorda ham raqobatbardoshdir.
—Bozordagi raqobat yaxshi. Biroq bu ikkinchi tomon imkoniyatini cheklash hisobiga boʻlmasligi kerak-da. Buni ijtimoiy tarmoq orqali muhtaram Prezidentimizga qilgan murojaatimda ham taʼkidlaganman, — deydi biz bilan suhbatda korxonaning xoʻjalik ishlari boʻyicha menejeri Rustam Qulboboyev. — Biz ichki bozorga bir kilogramm shakarni 5360 soʻmdan birja orqali taqdim etyapmiz. Mamlakatimizga import qilinayotgan shakar shu paytgacha mavjud boʻlgan barcha toʻlovlardan ozod qilinganligi bois bizdagi narxdan arzonroqdir. Lekin uning sifati davlat standartlari talabiga javob beradimi? Hamma gap ana shunda.
Sifatsiz shakar isteʼmol qilish kishi organizmiga qanchalik zararli ekanligi 2019-yil Moskvada nashr qilingan S.Agapkinning “Yurak va qon tomirlari haqida eng asosiysi” nomli asarida hamda L.Chernyavskaya, Yu.Mokanyuk, V.Kuxarlarning oq qand tarkibidagi zararli elementlar toʻgʻrisidagi ilmiy maqolalarida ochiq-oydin bayon qilingan.
Bu xususidagi fikrimizni ilmiy asoslash uchun Akademik Yo.Toʻraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaat qildik.
—Kunlik isteʼmolimiz uchun xarid qilayotgan har bir tayyor oziq-ovqat mahsulotining sifati davlat standartlariga mos kelishi lozim, jumladan, shakarning ham, — deydi Markaz katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Taxirova. — Sifatsiz shakar isteʼmol qilish, agar unda ogʻirligini oshirish uchun turli aralashmalar solingan boʻlsa, chiqindi-axlat isteʼmol qilish bilan barobardir. Chunki, bu qoʻshimchalar inson organizmi uchun zarar boʻlib, oddiy qum isteʼmol qilishga tenglashtirilgan.
Bundan tashqari, ayrim shakar mahsulotlarida oʻsimlik va hayvon kuli, metall tuzlari boʻlishi ham mumkin. Bular zaharlanish koʻrinishida sogʻligʻimizga jiddiy zarar yetkazadi. Shu bois sifatsiz shakar isteʼmol qilishdan saqlanish kerak. Aks holda uning oqibatlari qimmatga tushadi. Shakar xarid qilayotganda sifat sertifikati va davlat standarti talablariga mosligi haqidagi hujjatni talab qilish zarur. Sifatsiz yoki yaroqlilik muddati oʻtib ketgan mahsulotni isteʼmol qilishdan ehtiyot boʻlishimiz kerak.
Davlat rahbari ham yaqinda boʻlib oʻtgan yigʻilishda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasida ham aniq toʻxtamga kelish zarurligini qatʼiy taʼkidlab, jumladan bunday dedilar: “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish haqida koʻp gapiriladi, lekin amalda bu tizim toʻla tashkil qilingani yoʻq. Buni talab qiladigan muhit yoʻq, bilim yoʻq, ommaviy axborot vositalarida targʻibot yetishmaydi”.
Oʻzingiz oʻqib, guvoh boʻlganingizdek, yuqorida “Angren Shakar” mutasaddilari ichki bozorga taqdim etilayotgan mahsulot sifatining davlat standartlari talabiga mosligi, tarkibida inson salomatligiga xavf soladigan har xil zararlardan toʻliq himoyalanganligini bayon etishdi. Biroq ichki bozorda mahalliy shakar narxini arzonlashtirish hamon muammoligicha qolmoqda. Korxonaning uzluksiz ishlashi tufayli bir yilda davlat gʻaznasiga 80 milliard soʻmdan oshiqroq miqdorda soliq toʻlanishi, 700 nafar kishiga 20 milliard soʻm oylik maosh berilishi, 15 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ esa gazdan foydalanganlik xarajatlarini tashkil qilishi va boshqa toʻlovlarni inobatga oladigan boʻlsak, shakar narxini arzonlashtirishdagi muammoning yana bir koʻrinishi namoyon boʻladi.
—2017-yilda korxonamiz faoliyati ayrim sabablarga koʻra toʻxtab qolgandi, — deya soʻzini davom ettiradi Rustam Qulboboyev. — Yaxshi eslayman, oʻsha yillari aholi va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining ehtiyojini qoplash uchun shakar chet eldan valyutaga sotib olingan. Bu, albatta, mamlakatimiz iqtisodiyotiga jiddiy zarar keltirgan. Respublika rahbariyatining eʼtibor va gʻamxoʻrligi tufayli 2018-yilning oxiriga kelib faoliyatimiz qayta tiklandi. Mahalliy aholi yana ish bilan taʼminlandi. Biroq oʻtgan bir yildan oshiqroq davr mobaynida ishsiz qolgan oʻnlab malakali mutaxassislar bizni tark etdi. Agar bugungi muammolar tezda hal etilmasa, ishlab chiqarish jarayoni yana toʻxtashi mumkin. Oqibatda yuzlab odamlar ishsiz qoladi. Mutaxassislar esa tirikchilik ilinjida korxonamizni tark etishga majbur boʻladi. Ularni oʻz ish oʻrinlariga qaytarish esa bizga oson kechmaydi. Eng afsuslanarlisi, ichki bozorimizdagi sogʻlom raqobat muhitiga putur yetadi.
Pandemiya sharoitida ham davom etayotgan uzluksiz mahsulot ishlab chiqarish jarayonining kutilmaganda toʻxtab qolishini esa tasavvur qilish qiyin. Bu masala korxona maʼmuriyatini jiddiy tashvishga solmoqda. 25 ming tonna tayyor mahsulot saqlash sigʻimga ega boʻlgan omborxona shakar bilan liq toʻlib, qadoqlangan qoplarining korxona hovlisidagi ochiq maydonga taxlanyotgani kimni xotirjam uxlashga qoʻyadi deysiz. Balki ichki bozordagi import monopoliyasini tartibga solish yoʻli bilan muammo oʻz yechimini topar.
Bu salbiy holat yuzasidan «Oʻzbekoziqovqatxolding» kompaniyasiga qilgan murojaatlarimiz ham, afsuski, javobsiz qoldi. Nahotki ichki bozorda sogʻlom raqobat muhitini yaratish borasidagi muammolarni hal etilishida tegishli mutasaddilari chetdan qarab turishsa.
Shodiyor MUTAHAROV,
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring