“Angren” koʻmir konida avtoagʻdargich yonib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda “Angren” koʻmir konida avtoagʻdargich yonib ketgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan “Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyati maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 5-mart kuni soat 10:15 larda “Angren” koʻmir konida “BelAZ” rusumli avtoagʻdargich togʻ jinslarini toʻkish vaqtida orqaga sirpanib, agʻdarilib ketgan va alangalanish roʻy bergan.
“Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyati oʻt oʻchiruvchilari voqea joyiga tezlik bilan yetib kelib, yongʻinni oʻchirgan. Hodisa oqibatida avtoagʻdargich haydovchisi A.A. ogʻir tan jarohati olgan.
Unga korxona tibbiy boʻlim xodimlari tomonidan birinchi yordam berilgan va shoshilinch ravishda shahar markaziy shifoxonasiga yetkazilgan. Biroq koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramay, haydovchi kasalxonada vafot etgan.
Taʼkidlanishicha, hozirda koʻmir konida roʻy bergan hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
““Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati marhum A.Axmedjanovning oila aʼzolariga hamdardlik bildirib, chuqur taʼziya izhor etadi”, deyiladi korxona xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring