Andijonning Registon maydonida boʻlganmisiz?

14:52 25 Mart 2022 Jamiyat
1801 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqandning oʻziga xos “tashrif qogʻozi” boʻlgan Registon maydoni va uning husniga koʻrk bagʻishlab turadigan moviy gumbazli madrasalar yetti iqlimda mashhur.

Buni qarangki, Andijon shahrida ham Registon nomi bilan ataluvchi tarixiy maskan bor. Yaqin yillarda zamonaviy mezonlar asosida taʼmirlangan ushbu maydonda Temuriylar davridan qolgan baland minora, bundan ikki asr muqaddam qurilgan binolar, islimiy naqshli mahobatli ustunlar asl holicha saqlab qolingan.

Chindan ham bu maydon oʻziga xos yaxlit ansamblni tashkil etadi. Noyob manzarali daraxtlar alleyasi yaratilgan xiyobonda milliy mentalitetimizga xos xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyat koʻrsatadi. Maydon roʻparasida yana bir tarixiy maskan – qadimiy dehqon bozori joylashgan.

Bugun qariyb 10 million aholi istiqomat qiluvchi Fargʻona vodiysi boʻylab “Oltin vodiy halqasi” nomli turistik xarita yoʻnalishi ishlab chiqilib, uning bir boʻgʻini sifatida Andijon shahrini turizm markazlaridan biriga aylantirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda Andijon viloyati hokimligi tomonidan mahalliy va xorijlik sayyohlarni keng jalb etish uchun qiziqarli hamda rang-barang reja-dasturlar ishlab chiqilayotgani eʼtiborga molikdir.

Andijonga yoʻlingiz tushsa, albatta, Registon maydoniga ham tashrif buyuring. Uzoq-yaqin tarix va bugun tutashgan bu manzil yorqin taassurotlar qoldirishi shubhasiz.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер