“Andijon”dan magʻlubiyat, “Navbahor”dan gʻalaba
Kecha, 12-aprel kuni futbol boʻyicha Oʻzbekiston Superligasining 7-tur oʻyinlari start oldi. Kun doirasida muxlislar 3 ta oʻyinga guvoh boʻlishdi.
Turning dastlabki oʻyinida “Navbahor” klubi “Surxon” jamoasini qabul qildi. Uchrashuv 2:0 hisobida nominal mezbonlarning gʻalabasi bilan yakunlandi.
Oʻyinda hisob 26-daqiqada Aleks Fernandes tomonidan ochildi. 78-daqiqada esa Vanya Ilich “lochinlar”ning ikkinchi golini kiritdi. Shu tariqa oʻyin Timur Kapadze jamoasining gʻalabasi bilan yakunlandi.
Kunning ikkinchi oʻyinida esa “Lokomotiv” jamoasi Samarqandda “Dinamo” mehmoni boʻldi. Uchrashuvda hisob 34-daqiqada Temurxoʻja Abduxoliqov tomonidan ochildi. Oradan 7 daqiqa vaqt oʻtib, Temurxoʻjaning oʻzi “Lokomotiv”ning ikkinchi golini kiritdi. Ikkinchi boʻlimning 66-daqiqasida Azizbek Amonov hisobni bittaga qisqartirdi. Shu tariqa oʻyin Toshkent klubining 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
Kunni yakunlab bergan bahsda esa “Andijon” jamoasi oʻz maydonida OKMK bilan kuch sinashdi. Uchrashuv mehmonlarning 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Oʻyinda hisob 29-daqiqada Nodirbek Abdurazzoqov tomonidan ochildi. 36-daqiqada esa Urosh Koyich jamoasining ikkinchi toʻpini kiritdi. Ikkinchi boʻlimning 86-daqiqasida Ibrohim Yoʻldoshev “Andijon”ning yagona javob goliga mualliflik qildi. Shu tariqa oʻyinda Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi jamoa gʻalaba qozondi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring