Andijondagi zavodda ham yirik yongʻin sodir boʻldi
Foto: Videodan kadr
Andijon viloyatidagi zavodda yongʻin chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat FVB axborot xizmati holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, kecha, 10-sentyabr kuni soat 23:58 da Andijon shahar Yangi aylanma koʻchasida joylashgan “Uz Koram Ko” MCHJda yongʻin sodir boʻlayotgani haqida viloyat FVBga xabar kelib tushgan. Yongʻin qutqaruv ekipajlari chaqiruvga asosan soat 00:06 da aytilgan manzilga yetib borgan va soat 00:55 da yongʻin batamom oʻchirilgan.
Hodisa oqibatida MCHJning shamollatish ventilyatsiya shaxtasida 90 m/kv maydonda boʻyoq qoldiqlari yonib zararlangan. Tan jarohati holatlari qayd etilmagan. Hozirda yongʻin sodir boʻlish omillari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Eslatib oʻtamiz, kecha, 10-sentyabr kuni Toshkent viloyatidagi boʻyoq ishlab chiqarish sexida yirik yongʻin yuz bergan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring