Andijondagi bozor yaqinida yirik yongʻin yuz berdi
Videodan kadr
Andijon shahar Nayman koʻchasi hududida joylashgan oziq-ovqat saqlash omborida yongʻin sodir boʻldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bugun, 6-fevral kuni soat 13:06 da 112 tizimi orqali Andijon shahri Nayman koʻchasida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli boʻlgan oziq ovqat saqlash omborida (bozor hududida boʻlmagan) yongʻin yuz bergani toʻgʻrisida FVBga xabar kelib tushgan.
Shunga koʻra, yongʻin-qutqaruv ekipajlari soat 13:13 da hodisa joyiga yetib borgan va 13:36 da yongʻinni oʻchirishga muvaffaq boʻlgan.
Aniqlanishicha, hodisa oqibatida oziq ovqat saqlash omborining 75 kvadrat/metr maydonda shift-tom qismi va oziq ovqat mahsulotlari yonib zararlangan. Yongʻindan 800 kvadrat/metr maydoni saqlab qolingan.
“Yongʻin natijasida tan jarohati olganlar yoʻq”, deyiladi FVB xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring