Andijonda “Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini eng koʻp oʻqigan davlat xizmatchisi” tanlovi oʻtkazildi

12:05 02 Mart 2026 Jamiyat
422 0

Davlatimiz rahbarining kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida mutolaaga qiziqishni oshirishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida Andijon viloyatida “Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini eng koʻp oʻqigan davlat xizmatchisi” tanlovi tashkil etildi.

Boshqaruv samaradorligi agentligi viloyat filiali tashabbusi bilan viloyat hokimligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boshqarmasi hamda axborot-kutubxona muassasasi hamkorligida oʻtkazilgan tanlov ikki bosqichda tashkil etildi. Dastlab ishtirokchilarning Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga oid bilimlari test sinovlari orqali baholandi. Yuqori natija qayd etgan ishtirokchilar esa savol-javob shaklida oʻzaro bellashdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya suv havza boshqarmasi xodimi Dilnoza Valiyeva 1-oʻrinni egalladi.

— Bobur asarlarini mutolaa qilish men uchun tanlov sharti emas, balki maʼnaviy ehtiyojdir, — deydi Dilnozaxon Valiyeva. — Ayniqsa, “Boburnoma”dagi hayotiy kuzatishlar, davlatchilik va insonparvarlikka oid fikrlar xizmat faoliyatimda masʼuliyatni yanada teran his etishimga yordam berdi. Bu tanlov mutolaa orqali inson oʻz ustida muntazam ishlashi zarurligini yana bir bor anglatdi.

Tanlovda ikkinchi va uchinchi oʻrinlar mos ravishda Sport boshqarmasi xodimi Madinabonu Qodirova hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi vakili Obidjon Usmonovga nasib etdi.

Gʻolib va ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Tanlovning anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgani davlat xizmatchilari oʻrtasida kitobxonlik muhitini mustahkamlash, maʼnaviy-maʼrifiy saviyani yuksaltirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер