Andijonda yuk vagonlari va sisternalar ishlab chiqarilmoqda
Foto: Халқ сўзи
Mamlakatimizdagi ishlab chiqarish korxonalarida mahsulotlarni mahalliylashtirish orqali yuqori ish samaradorligiga erishilmoqda. Misol uchun, “Andijon mexanika zavodi” shoʻba korxonasida yuk vagonlari va sisternalar ishlab chiqarila boshlangach, hamkor davlatlar soni 10 taga yetdi.

— Bundan yetti yil muqaddam korxonamizda yuk vagonlariga texnik xizmat koʻrsatilar edi, xolos, —deydi korxona rahbari Zaynobiddin Ayubjonov. –Bugungi kunga kelib tayyor mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Ayni paytda Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston davlatlari uchun yuk vagonlari tayyorlanmoqda. Tez kunlarda Rossiya davlati bilan ham mahsulot yetkazib berish yuzasidan oʻzaro shartnoma imzolash arafasidamiz.

Mahalliylashtirish dasturi asosida faoliyat olib borilyotgani tufayli korxonada mahsulot tannarxi arzonlashib, ish hajmi muttasil oshib bormoqda. Korxonada mehnat qilayotgan 240 nafar ishchining Rossiya Federatsiyasi hamda Belorussiyadagi turdosh korxonalarda tajriba almashib qaytgani esa ularnig mahoratini yanada oshirdi. Natijada yilning shu davriga qadar 3 million dollarlik eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilib, xorijga joʻnatildi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring