Andijonda yana yer choʻkdi...
Andijon shahridagi Bobur shox koʻchasida yer choʻkdi. Vaholanki, bundan atigi bir kun avval bunday holat Farobiy nomli MFYda ham kuzatilgan edi. Har ikkala holat viloyat markazidagi avtomobillar harakatlanadigan asosiy koʻchalarda sodir boʻlganligi andijonliklarni tashvishga soldi. Xoʻsh, oʻzi nima gap?
“Andijon suv taʼminoti” AJ masʼullarining xabar qilishlaricha, har ikkala holat markaziy oqova suv quvuri bilan bogʻliq boʻlib, tarmoqning eskirishi nosozlikka sabab boʻlgan. Bu esa yer choʻkishiga olib kelgan. Aytish joiz, bu quvurlar bundan 56-yil muqaddam tortilgan. Aslida ular yaxshi holatda 80-100-yil davomida xizmat qilishi kerak. Biroq, tashqi va ichki taʼsir kuchlari natijasida 30-40-yilda yaroqlilik muddati tugashi ham ehtimoldan xoli emas. Voqea sodir boʻlgan joyda quvurga ichki taʼsir kuchlari bilan bir qatorda serqatnov yoʻldagi avtomobillar harakati ham salbiy taʼsir qilmoqda. Bu yoʻldan bir kunda oʻrtacha 120 mingdan 180 mingtagacha avtomobillar harakatlanishini hisobga olsak, nosozlikning yuzaga kelish sabablarini tushunish yanada osonroq boʻladi.
Xoʻp, nosozlik yuzaga keldi. Uni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Bu jarayon qancha vaqt davom etadi? Ana shu savol bilan masʼullarga yuzlandik.

-Hozirda “Andijon suv taʼminoti” AJning eng tajribali mutaxassislari va zamonaviy texnik vositalari taʼmirlash ishlariga jalb etilgan,-deydi aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi Xumoyunjon Alimov. -Odatda bu kabi nosozliklar oʻrtacha oʻn kunni qamrab oladi. Boisi, quvurning diametri 600 mm.dan iborat boʻlib, nosozlik hajmi ham katta. Shunday boʻlishiga qaramay, barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda 6 kun muddat ichida muammoning ijobiy yechimini taʼminlashga harakat qilmoqdamiz.
Ayni paytda viloyatdagi mavjud oqova suv tarmogʻi 422 km.dan iborat boʻlib, shundan 16 km. qismini yangilash zarurati mavjud. Hozirda bu muammoning ijobiy yechimini taʼminlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu ishda ayniqsa, xorijlik hamkorlar ham istiqbolli loyihalari bilan ishtirok etayotgani eʼtiborli, albatta. Ularning amalga oshirilishi ortidan bugungi kunda yuzaga kelayotgan muammolarni ham bartaraf etish imkoniyati yaratiladi.
Saminjon HUSANOV, ”Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring