Andijonda sayyor sudlar o‘tkazilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Andijon shahridagi qonunbuzarlik darajasi yuqori bo‘lgani uchun “Qizil” toifaga kiritilgan 15 ta mahallada sayyor sud davom etmoqda.
Ana shunday sayyor sudlardan biri “Mirpo‘stin” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib o‘tdi. Mahallada 5442 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda axloq tuzatish bo‘yicha jazolangan 18 nafar shaxs ro‘yxatda turadi. Bu yerda bo‘lib o‘tgan sayyor sud davomida aholiga tegishli tartibda huquqiy tushuntirishlar berilibgina qolmasdan, fuqarolarning murojaatlari ham tinglandi. Aksariyat so‘rovlar shu joyning o‘zida ijobiy yechim topganligidan aholi mamnun bo‘ldi.
— Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, jinoyat sodir etgan shaxslarning 90 foizini erkaklar tashkil etsada, qolgan 10 foizi voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda, — deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining raisi Ulug‘bek Karimov. — Bu achinarli, albatta. Zero, qonunchilikda katta-kichik raqamlar bo‘lmaydi. Sababi, har qanday katta jinoyat ham kichik sabablardan boshlanadi. Shu bois mahalla ayollarining aksariyati uyda o‘tirishini inobatga olgan holda xotin-qizlarning huquqiy bilimini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini ham olib boryapmiz.
Sayyor sudlar, nafaqat, Andijon shahridagi mahallalarda, balki, viloyatning “Qizil” toifaga mansub har bir hududida bo‘lib o‘tmoqda. Maqsad joylarda yuzaga kelayotgan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi qat'iy kurashishdan iborat.
Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring