Andijonda oʻqituvchilar maktabni taʼmirlashga jalb qilindi
Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchilari maktabni taʼmirlash ishlariga jalb qilingani tasvirlangan videolar tarqaldi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, hozirgi vaqtda mazkur holat vazirlik tomonidan qatʼiy nazoratga olingan hamda atroflicha oʻrganib chiqilmoqda.
Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunida pedagogni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanishi aniq koʻrsatib oʻtilgan. Shuningdek, ularni biron-bir shaklda mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
“Shu nuqtayi nazardan yuqoridagi holatga sababchi boʻlgan masʼul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda taʼsir choralari koʻrilishi taʼminlanadi”, deyiladi xabarda.
Vazirlik shuningdek, ijtimoiy tarmoq faollaridan bitta maktabdagi holatni umumiy vaziyat sifatida baholamaslikni soʻragan.
Masala oʻqituvchilarning qadr-qimmati bilan bogʻliqligi sababli, holatga Andijon viloyati hokimligi ham munosabat bildirib, vaziyat viloyat hokimi tomonidan alohida nazoratga olinganini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, viloyat hokimligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, xolis va atroflicha oʻrganish ishlari boshlangan. Hokimlik ushbu holat hozirda oʻrganishda boʻlgani sabab, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, bloger hamda OAV vakillaridan tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatmasliklarini soʻragan.
Qoʻshimcha qilinishicha, oʻrganish yakunlari boʻyicha batafsil maʼlumot taqdim etiladi va holatga yoʻl qoʻygan masʼullarga qatʼiy choralar koʻriladi.
“Viloyat hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda oʻqituvchilarning asosiy vazifasi — taʼlim berish, tarbiyalash va kelajak avlodni shakllantirishdan iboratligi yuzasidan bildirilgan fikrlarni toʻla qoʻllab-quvvatlagan holda, oʻqituvchilarni taʼlimdan tashqari ishlarga jalb qilishni mutlaqo noqonuniy hisoblanishini bildiradi”, deyiladi hokimlik munosabatida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring