Andijonda dunyoda muqobili yoʻq vagon ishlab chiqarildi
Andijon viloyatida sanoat salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan yangi ishlanma yaratildi. “Andijon mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan natriy kabi oʻta faol kimyoviy moddani tashish uchun moslashtirilgan maxsus temir yoʻl vagoni ishlab chiqarildi. Mazkur vagon “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi ehtiyojlari uchun tayyorlangani bilan ahamiyatlidir.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, natriy havo va namlik bilan tez reaksiyaga kirishuvchi kimyoviy modda boʻlgani bois uni tashishda alohida xavfsizlik choralari talab etiladi. Shu sababli vagon konstruksiyasida germetiklik, maxsus himoya tizimlari va texnologik talablarga qatʼiy rioya etilgan. Bu esa xavfli kimyoviy yuklarni temir yoʻl orqali xavfsiz va barqaror tashish imkoniyatini yaratadi.

Yangi turdagi vagon ishlab chiqarilishi mamlakatimizda yuqori texnologiyali sanoat mahsulotlarini yaratish borasidagi imkoniyatlar kengayayotganini koʻrsatadi. Bu kabi ishlanmalar sanoat korxonalari oʻrtasidagi logistika jarayonlarini samarali tashkil etish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va milliy muhandislik salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring