Andijonda bosma nashrlarning taqdiri nima boʻladi?

13:58 01 Fevral 2023 Jamiyat
840 0

Foto: Xalq so‘zi

Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev jurnalistlar, bloger hamda matbuot xizmatlari vakillari bilan uchrashdi. Unda bugungi kunda ommaviy axborot vositalari oldida turgan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Andijon viloyatidagi bosma nashrlar taqdiriga oid savollar qizgʻin bahslarga sabab boʻldi.

— Viloyatda bosma nashrlar holatini yaxshi, deb boʻlmaydi, — dedi tadbirda soʻz olgan faxriy jurnalist Shefiye Imankulova. — Viloyat hokimligining yuz yillik tarixga ega nashri «Andijonnoma» gazetasi 1,5 ming nusxada chop etilmoqda. «Andijanskaya pravda» gazetasi esa, ikki yildirki, umuman nashr etilmayapti. Viloyatdagi iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarni ommaga yetkazishda bosma nashrlarning ham oʻz oʻrni bor. Biroq ularning faoliyatiga befarqlik maʼnaviyatimizga putur yetkazadi, deb oʻylayman. Muassislar bu haqida fikr yuritishlarini xohlardik.

Tan olish kerak, bugungi kunda viloyatda tuman hokimliklari nashrlari tang ahvolda qolgan. Aksariyati chop etilmayapti. Biroq mavjud imkoniyatlardan xaminqadar foydalanayotganlar ham bor.

— Men Baliqchi tumani hokimligi nashri boʻlgan “Gʻalaba” gazetasi muharririman, — deydi “Doʻstlik” ordeni sohibasi Shaxzodaxon Karimova. — Baliqchi tumani hokimi tashabbusi bilan gazetamizga hududdagi har bir korxona-tashkilot oʻz zaxirasidagi mablagʻ hisobidan obuna boʻlishi tashkil etilgan. Qolaversa, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yuksaltirishda gazetalarning oʻrni juda muhim ekani yuzasidan targʻibot ishlariga urgʻu berdik. Natijada 1,5 mingta obuna tashkil etdik. Bu viloyatdagi tuman va shahar hokimliklari gazetalari orasida eng katta koʻrsatkich hisoblanadi. Shu bilangina kifoyalanib qolmay, gazetamizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini tashkil etganmiz. Hozir oʻn mingdan ortiq kuzatuvchilarimiz bor.

Tadbir davomida mavzu boʻyicha turfa fikrlar, qarashlar, takliflar va xulosalar oʻrtaga tashlandi. Xoʻsh, yakunda qanday qaror qabul qilindi?

— Andijon viloyatidagi bosma nashrlarning taqdiri bizni ham tashvishlantirmoqda, — izoh berdi AOKA direktori Asadjon Xodjayev. — Biroq buni obunani tashkil etish orqali hal qilib boʻlmaydi. Bir qancha fikrlar bor. Masalan, iqtisodiy tang holatda qolgan gazetalarni grandlar asosida faoliyatini yoʻlga qoʻyish mumkin. Bunda, eng avvalo, «Andijonnoma» gazetasi nazarda tutilmoqda. «Andijanskaya pravda» masalasiga kelsak, uning oʻquvchilar geografiyasini, sonini oʻrganib chiqishimiz kerak boʻladi.

Aytish joiz, bu masala Andijonda birinchi marta muhokama etilayotgani yoʻq. Har safar takliflar bildiriladi, xulosa chiqariladi, bundan, afsuski, hali amalda birorta gazeta naf koʻrmayapti. Birin-ketin chop etilmay qolayotgan gazetalarning taqdiri nima boʻladi, degan savol hanuz javobsiz. Shu oʻrinda aytish muhimki, hokimlik nashrlarining taqdiri baribir hokimiyat (aynan hokimlar) qoʻlida. Ijtimoiy-iqtisodiy gazetalar matbuot bozorida oʻz xaridoriga ega boʻlishi uchun mamlakatda shunga munosib muhit shakllangan boʻlishi kerak. Qolaversa, gazetalar ham bozor qonuniyatlaridan kelib chiqib mazmun-mohiyatini, yoʻnalishini qayta koʻrishlari maqsadga muvofiqdir. Yangiliklarni keng auditoriyaga yetkazish borasida ijtimoiy tarmoqlarga teng keladigani yoʻq. Shunday ekan, bu jarayonni gazetalar zimmasidan voqif qilishi kerakligini muharrirlar tushunmoqlari zarur. Sir emaski, bugun chop etilayotgan gazetalarni sahifalar ekanmiz, ular jamiyatda roʻy berayotgan hodisa-voqealardan, reallikdan ancha yiroq ekaniga guvoh boʻlamiz. Vaziyat shu tarzda davom etaversa, respublikamizning barcha hududlarida bosma nashrlarga talab soʻnaveradi. Ayni chogʻda bugun gazetalarga zamonaviy bilim va yangicha dunyoqarashga ega boʻlgan jurnalistlar kerak.

Buyogʻini endi vaqt hukmiga havola etamiz.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер