Andijonda bolalarni mashinada urib yuborgan ayolning “prava”si boʻlmagan
Videodan kadr
Shu yilning 3-aprel kuni Andijon shahar “Hamdoʻstlik” MFYda “Cobalt” haydovchisi ikki nafar voyaga yetmagan bolani urib yuborgani haqida xabar berilgan edi. “Bu kun” informatsion dasturida xmaʼlum qilinishicha, ushbu hodisani sodir etgan ayol haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmagan.
Qayd etilishicha, “Cobalt” avtomobili YTHga sababchi boʻlgan 31 yoshli ayolning otasiga tegishli boʻlgan. Ayolning soʻzlariga koʻra, u haydovchilikka oʻqigan, lekin hali guvohnoma olishga ulgurmagan.
“Eslay olmayman-da, qaradimmi, qaramadimmi. Rosa asabiylashib turgan paytimda oʻrtada turib qolibdi. Bolalarni koʻrmay qolib, qoʻrqib ketdim. Dahshatda turib qoldim. Bundan yomon boʻlishi mumkin edi, Xudo oʻzi asrabdi. Ota-onalaridan kechirim soʻrayman”, degan u.
Eslatib oʻtamiz, mazkur holat yuzasidan Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi YHXB xodimi tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilgan boʻlib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Voyaga yetmagan bolalarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida shifokorlar koʻrigidan oʻtkazilgan. Hozirda bolalarning ahvoli yaxshi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring