Andijonda 80 ming nafar ishsiz fuqaro uchun doimiy daromad manbai yaratildi

16:16 16 Yanvar 2023 Jamiyat
871 0

Foto: Xalq so‘zi

Andijon viloyatida qishloq joylarda yashovchi aholining turmush darajasini oshirish, bunda ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar uchun doimiy daromad manbaini yaratish borasidagi amaliy chora-tadbirlar oʻz natijasini bermoqda. Misol uchun, bir paytlar ijtimoiy ahvoli nochorligi bois “Yoshlar daftari”da turgan qoʻrgʻontepalik Abdufayoz Hakimovga oʻtgan yili dehqonchilik qilishi uchun 10 sotix yer maydoni ajratilgan edi.

— Fevral oyi oxirlarida bu yerga kartoshka ekdim, — deydi Abdufayoz. — Uning ortidan mosh, kungaboqar urugʻlarini qadadim. Ilk yildayoq 15 million soʻm daromad topdim. Orttirgan foydamga oʻzimning tomorqamda issiqxona barpo etdim. Unda pomidor ekib, 12 million soʻm foyda koʻrdim. Ayni paytda boʻshagan maydonda sarimsoqpiyoz parvarishlayapman. Shuning oʻzidan yana 15-16 million soʻm daromad olishni rejalashtirganman. Bir soʻz bilan aytganda, endi yil-oʻn ikki oy ishliman, shunga yarasha qoʻlim pul koʻryapti, birovdan kam emasman. Oilamga, jamiyatga nafim tegyapti. Bundan, albatta, juda ham xursandman.

Aytish oʻrinliki, 2021-yilda viloyatda 26 ming 527 nafar mehnatga layoqatli va ishsiz fuqaroga qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan 2 ming 736 gektar yer maydoni taqsimlab berilgan edi. Natija koʻzlanganidan ham samaraliroq boʻldi. Yaʼni har bir yer egasi oʻsha yilning oʻzida kamida 12-15 mln. soʻmdan daromad egasiga aylandi. Shu bois 2022-yilda bu tashabbus koʻlami ikki barobarga ortdi. Ayni paytga kelib Andijon viloyatida 80 ming nafar hamyurtlarimiz taqsimlab berilgan yer maydonlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirib, daromad topmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер