Andijon viloyatidagi toʻrtta tumanda elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi
Foto: “Xalq soʻzi”
Shahrixon tumanida elektr energiyasi bilan taʼminlovchi “Saroy” podstansiyasi ishga tushirildi. Buning natijasida Baliqchi, Boʻston, Ulugʻnor va Shahrixon tumanlarida elektr taʼminoti yaxshilandi.

— Yangi podstansiya faoliyati aholi turmush sharoitini yaxshilash va ishlab chiqarish koʻlamini oshirishga xizmat qiladi, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari AJ Andijon hududiy filiali axborot xizmati rahbari Muxlisaxon Sobirova. — Boisi, endilikda 450 dan ortiq ijtimoiy soha obyektlari, 3 ming 500 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari, minglab aholi xonadonlaridagi elektr energiyasi bilan bogʻliq muammolar ijobiy yechim topadi.

Aytish joiz, shu paytgacha ushbu hududlarga Andijon tumanidagi “Xakan” podstansiyasi orqali elektr energiyasi yetkazib berilayotgan edi. Tarmoq uzoqligi bois texnologik sarf-yoʻqotishlar koʻlami ortib borayotgandi. Yangi “Saroy” podstansiyasi “Xakan” podstansiyasi yuklamasini 100 megavattga yengillashtiradi. Sarf-xarajatlar kamaytirilishi hisobiga Andijon, Asaka, Buloqboshi, Xoʻjabod, Marhamat va Jalaquduq tumanlaridagi isteʼmolchilarning elektr taʼminotida barqarorlik oʻrnatilishi koʻzda tutilgan.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring