Andijon viloyatida 25,7 ming nafar aholi xonadoni ilk bor oqova suv tarmogʻidan foydalana boshladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Andijon viloyatining eng chekka hududlarida ham mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga doir ishlar koʻlami kengayib bormoqda. Jumladan, Jalaquduq tumanida 18 ming nafar aholi xonadonlari va oʻnlab ijtimoiy obyektlar kanalizatsiya tarmogʻiga ulanadi.
— Buning uchun 600 m3 quvvatga ega boʻlgan tozalash inshooti, nasos stansiyasi va 8 kilometrdan iborat tarmoq tortish ishlari olib borilyapti,—deydi Jalaquduq tumani hokimining oʻrinbosari Akromjon Komilov. –Loyiha foydalanishga topshirilgach, “Tuyalas”, “Sharxoncheki” va “Qilichmozor” MFYlarida ham kanalizatsiya tarmogʻiga ulanish imkoniyati yaratiladi.
Andijon viloyati misolida aytadigan boʻlsak, hududda yuzlab yangi turar-joy binolari qad rostladi. Buning natijasida oqova suv tarmogʻini tortish bilan bogʻliq 131 mlrd soʻmlik loyiha ishlari amalga oshirildi. 91 kilometrdan iborat tarmoq va 6 dona inshootda qurilish, taʼmirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. Quvonarlisi shundaki, ushbu saʼy-harakatlar natijasida 25,7 ming nafar aholi xonadoni ilk bor oqova suv tarmogʻidan foydalana boshladi. Yaroqsiz quvurlarni yangilash, faoliyat muddatini uzaytirish orqali 70 ming nafar aholiga xizmat koʻrsatish darajasi yaxshilandi. Eʼtiborli tomoni shundaki, bir paytlar viloyat markazidagina mavjud boʻlgan kanalizatsiya tarmogʻi endilikda tuman va shaharlar miqyosida ham barpo etilmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring