Andijon shahar hokimligi tadbirkorning buzilgan mulki uchun 3,1 mlrd so‘m to‘laydigan bo‘ldi
Arxiv foto
2019 yilda Andijon shahridagi “Yangi dehqon bozori” AJning yer to‘la hududida mavjud bo‘lgan 18 ta savdo do‘konlari buzib tashlangandi. Buning uchun 2017 yilning 7 aprel va 3 may kunlari Andijon shahar hokimining qarorlari qabul qilingan. Inshootlar “Andijon qurilish montaj ko‘rki” MCHJ mulki hisoblanib, buning uchun barcha huquqiy hujjatlar mavjud.
Shu bois Andijon shahar hokimligi 2019 yilning noyabr oyida tadbirkor bilan buzilgan inshootlar yuzasidan o‘zaro kelishuvga asoslangan shartnomani imzolashiga to‘g‘ri keldi. Unga binoan hokimlik mulk egasiga buzilgan bino-inshootlar uchun tovon, ya’ni kompensasiya sifatida har biri 400,0 kv. metrdan iborat bo‘lgan 20 ta yer uchastkasi ajartishga kelishilgan.
Afsuski, Andijon shahar hokimligi shartnomani bajarmadi. Shu bois tadbirkor Andijon shahar Adliya bo‘limiga murojaat qilishiga to‘g‘ri keldi. Biroq, ortda qolgan davr mobaynida yer maydoni bilan bog‘liq qonunchilikda bir qancha o‘zgarishlar yuzaga keldi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi. Unga binoan endilikda mahalliy davlat hokimiyati organlari yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralar, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki boshqa yo‘l bilan tasarruf qilish bo‘yicha hech qanday vakolatga ega emas.
Bunday hollarda tadbirkorning manfaati qanday himoya qilinadi? Unga ajratilishi kerak bo‘lgan yer maydoni yuzasidan huquqiy yechim bormi o‘zi? Axir, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shasxlarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda bu borada mulkdorga yetkazilgan zarar qoplab berilishi qayd etilganku?
Shu bois, Andijon shahar Adliya bo‘limi tomonidan tadbirkor tasarrufida bo‘lgan va hokimlik tomonidan buzib tashlangan yer maydonining qiymatini o‘rganish bo‘yicha tegishli idoralarga murojaat qilindi va mutaxassislar tomonidan har biri 400,0 km. metrdan iborat bo‘lgan 20 ta yer uchastkasining umumiy narxi 3 milliard 131 million 820 ming 388 so‘m etib belgilandi. Andijon shahar hokimligi mulk egasiga shu qiymatdagi tovon pulini to‘laydigan bo‘ldi.
Azizbek RAUPOV, Andijon shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring