Andijon mashinasozlik institutida xalqaro anjuman oʻtkazildi
“Mexatronika va robototexnika: muammolar va rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi 2-xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Latviya, Litva, Portugaliya hamda Gretsiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan 50 nafarga yaqin professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda magistrantlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida Litvaning Gediminas nomidagi Vilnyus texnika universiteti mexatronika va robototexnika kafedrasi professori Vitautas Buchinskas, Gretsiya xalqaro universiteti professori Kokokiris Lambros, Portugaliyaning Viana-du-Kashtelu politexnika instituti professori Duarte Nunu Maleyru Alves va boshqalar soʻzga chiqishdi. Ular tomonidan maʼruzalar oʻqildi.

— Loyiha 2019-yildan buyon amalga oshirilyapti,—deydi Andijon mashinasozlik instituti rektori Umidjon Turdialiyev. —Unda Yevropaning 5 ta hamda mamlakatimizning 7 ta oliy taʼlim muassasasi ishtirok etmoqda. Institutimiz ushbu loyihaning Milliy koordinatori hisoblanadi. Qayd etish lozim, taʼlim muassasamiz qoshida mexatronika jamiyati, oʻquv markazi hamda laboratoriyasi shakllantirildi. Mamlakatimizning 5 ta oliy taʼlim muassasasida mexatronika va robototexnika bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha dasturlar joriy qilindi. Shuningdek, soha xodimlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Bundan tashqari, onlayn taʼlim va hamkorlik uchun veb-platforma yaratildi.

Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar shoʻbalarga boʻlingan holda ilmiy izlanishlar samarasini tahlil qilishdi, erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan masalalar xususida munozaralar oʻtkazishdi.
Umidjon MAMARASULOV,
jurnalist.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring