Andijon bozorlarida raqamlashtirish yashirin iqtisodiyotni qisqartirmoqda
Andijon viloyatidagi 39 ta bozor va savdo majmualarida sunʼiy intellekt hamda zamonaviy IT-texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiy munosabatlarda shaffoflik taʼminlanmoqda. Bu esa yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, erkin va adolatli raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Tizimli islohotlar natijasida 2025-yilda bozorlarda kunlik tushumlar 61 milliard 700 million soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 12 milliard soʻmga oshdi. Soliq tushumlari esa 2 milliard 121 million soʻmga koʻpaydi. Ayniqsa, 11 ta bozor atrofidagi avtoturargohlarni raqamlashtirish orqali tushumlar qariyb 300 foizga ortgani sohadagi shaffoflikning oshganidan dalolat beradi.
— Raqamlashtirish bozorning “kalitini topishdek” boʻldi, — deydi Andijon shahri markaziy dehqon bozorida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Gulxayo Ibrohimova. — QR-kod orqali toʻlovlarni onlayn amalga oshirish juda qulay. Ilgari turli bahonalar bilan toʻlovdan qochish holatlari uchrab turardi, naqd pulning bankka toʻliq tushishi ham har doim aniq boʻlmasdi. Hozir esa barcha jarayonlar shaffof va adolatli, bu esa bizga ishonch bagʻishlaydi.
Darhaqiqat, Andijon shahar markaziy dehqon bozoridagi 1024 ta savdo rastasiga QR-kodlar oʻrnatilishi va 42 ta intellektual kamera ishga tushirilishi tushumlarni toʻliq nazorat qilish imkonini berdi. Natijada, joriy yil yanvar oyida tushumlar 420 million 700 ming soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 180 million soʻmga koʻpaydi.
Bunday texnologik yechimlar iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash bilan birga, tadbirkorlar uchun teng va adolatli imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring