Amudaryo tomondan kuchli suv toshqini boʻlishi haqidagi xabar mutlaqo asossiz
Xabaringiz bor, 27-aprel kuni soat 20:00 dan 22:30 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida Buxoro viloyati hududida kuchli shamol va yogʻingarchilik kuzatildi. Mazkur holat haqida OAV, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida xabarlar berib borib borilmoqda. Axborot maydonida xabarlar oqimi kuchaygani sari ishonchli va toʻgʻri manbalarni aniqlash dolzarblashmoqda. Jarayonda odamlar baʼzan yolgʻon xabarlarga ham duch kelishmoqda. Xususan, hozirda odamlar orasida vahima uygʻotishga qaratilgan, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan har xil shov-shuvli maʼlumotlar, uydirma axborotlar tarqatish hollari uchrab turibdi. Ana shunday xabarlarning birida goʻyoki bugun Amudaryo tomondan kuchli suv toshqini boʻlishi va aholi evakuatsiya qilinayotganligi haqida soʻz boradi. Ushbu kabi maʼlumotlar hech qanday asosga ega emas. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Garchi mamlakatimizning amaldagi qonunchiligida feyk xabarlarni tarqatganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri javobgarlik belgilanmagan boʻlsa-da, notoʻgʻri (yolgʻon) xabarlarni tarqatish va buning natijasida zararli oqibatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida qonun hujjatlarida bir qancha normalar mavjud.
Xususan, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunning 121-moddasida qanday axborot turlari internetda tarqatilishi mumkin emasligi nomma-nom sanab oʻtilgan.
“Shu oʻrinda fuqarolarimizdan yuqoridagi kabi yolgʻon xabarlarga ishonib qolmasliklarini soʻraymiz“ deyilgan xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring