Amir Temur tavalludining 682 yilligi yurtimizda keng nishonlanmoqda
Amir Temur — o’zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug’vor ishlarda xalqimizga ma’naviy kuch bag’ishlab kelayotgan ulug’ siymolardan biridir.
Sohibqiron tavallud topgan kun mamlakatimizda har yili ko’tarinki ruhda keng nishonlanadi. Bu yil ham ulug’ sarkarda tavalludining 682 yilligi tadbirlari katta xursandchilik bilan o’tkazilmoqda.
An’anaga ko’ra, 9 aprel kuni poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida tantanali marosim bo’lib o’tdi. Unda parlament a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, yozuvchi-shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik, yurtimizda faoliyat ko’rsatayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro Amir Temur xayriya jamg’armasi raisi Nozim Habibullaev, Qozog’istonning O’zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Erik Utembaev va boshqalar Sohibqiron nafaqat o’z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, balki Osiyo va Evropa qit’alarida ro’y bergan tarixiy o’zgarishlarga hal qiluvchi ta’sir ko’rsatib, jahon tsivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo’shgan Shaxs ekanini ta’kidlashdi.
Bugun Amir Temur va temuriylarning milliy davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik va boshqa sohalardagi ulkan merosini o’rganishga qiziqish jahon miqyosida tobora ortib bormoqda. Yurtimiz va xorijda temuriylarning dunyo tsivilizatsiyasi ravnaqiga qo’shgan ulkan hissasiga oid ko’plab badiiy, publitsistik asarlar yaratilmoqda, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Bularning bari Sohibqiron Amir Temur shaxsiyati va uni ulg’aytirgan zamin, tarixiy shart-sharoitga doir yangi-yangi qirralarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Adolat kuchda emas, kuch adolatdadir, degan shior Amir Temur saltanatining barcha hududlarida axloqiy-ma’naviy mezonga aylangan. Ulug’ ajdodimiz o’z tuzuklarida “...amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz qursa, yo biron bog’ ko’kartirsa, yoxud biron xarob bo’lib yotgan erni obod qilsa, birinchi yili undan hech nima olmasinlar, ikkinchi yili raiyat o’z roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili (esa oliq-soliq) qonun-qoidasiga muvofiq xiroj yig’sinlar”, deb yozadi. Ana shunday adolat asosida o’rnatilgan tartib-taomillar mamlakatda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlagan, odamlarni halol mehnat qilishga, tadbirkorlik, yaratuvchanlik ruhi bilan yashashga undagan.
Ildizlari musaffo buloqlardan suv ichgan nihollar yayrab-yashnab ko’kka bo’y cho’zaveradi. Buyuk ajdodlardan meros qadriyatlar qondan qonga o’tib, avlodlar tiynatida yashayveradi. Bugun ham Sohibqironning mardlik, jasorat, adolat, tadbirkorlik, vatanparvarlikka yo’g’rilgan ezgu fazilatlari Prezidentimiz yuritayotgan siyosatda yaqqol namoyon bo’lmoqda.
Marosimda shoir Nosir Jo’raev “Tarix bergan nur” nomli she’rini o’qib berdi. “Temurbeklar maktabi” o’quvchilari tomonidan harbiy orkestr sadolari ostida ijro etilgan vatanparvarlik mavzuidagi qo’shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbir qatnashchilari Amir Temur haykali poyiga gullar qo’ydilar.
Marosimda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X. Sultonov ishtirok etdi.
* * *
Shu kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Tangalarda aks etgan tarix” nomli ko’rgazma ochildi.
Sohibqiron tavalludiga bag’ishlangan tadbirlar nafaqat poytaxtimiz, balki Qoraqalpog’iston Respublikasi, barcha viloyatlarda bo’lib o’tmoqda.
Buyuk bobomiz ulg’aygan Qashqadaryo zaminida ushbu sana har yilgidan-da o’zgacha tarzda, ko’tarinki ruhda nishonlandi. Yakkabog’ tumani Xo’ja Ilg’or qishlog’idagi Sohibqiron tug’ilishi bilan bog’liq qadimiy quduqqa tutash maydonda xalq sayli o’tkazildi. Bu erda O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi, O’zbekiston yoshlar ittifoqi, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan Xalqaro press-klubning “Xo’ja Ilg’or qayta kashf qilingan tarix — yangi sayyohlik yo’nalishi” mavzuidagi sayyor sessiyasi kun davomida “O‘zbekiston-24” telekanali orqali to’g’ridan-to’g’ri namoyish etib borildi.
Tadbir doirasida milliy hunarmandlik namunalari ko’rgazmasi uyushtirildi. Kurash, tosh ko’tarish, ot choptirish kabi xalq o’yinlari, turli etnografik chiqishlar, Amir Temur davrini eslatuvchi kompozitsiya, o’tovlar, taniqli san’atkorlar ishtirokida kontsert dasturi xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg’otdi.
Bu kabi tadbirlarning azaliy qadriyatlarimizga hamohang tarzda nishonlanishi yosh avlodning tariximizga oid bilimini, ulug’ bobomiz siymosiga hurmat-ehtiromini yanada yuksaltiradi, shu bilan birga, dunyo jamoatchiligi e’tiborini buyuk sarkarda tug’ilib-o’sgan go’sha — Xo’ja Ilg’orga qaratib, bu erda yangi sayyohlik manzilini yaratishga xizmat qiladi.
Dilshod KARIMOV,
“Xalq so’zi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring