Alisher Navoiy va qozoq adabiyoti
Illustrativ foto
XIX asrning ikkinchi yarimida yashagan qozoq xalqining donishmand shoiri Abay Qunonboyev Sharq shoirlari ijodini sevib oʻqib, ulardan oʻrnak olgan buyuk ijodkorlardandir. Masalan, Semipalatinsk shahridagi Ahmad Rizo madrasasida oʻqib yurgan chogʻidayoq u Sharq shoirlari ijodini, shu jumladan Alisher Navoiy asarlarini qunt bilan oʻqib oʻrganishga alohida ahamiyat bergan. Hatto, arab, eron, eski oʻzbek (chigʻatoy) tilida yozilgan ertak, hikoya va dostonlarni sevib mutolaa qila boshlaydi.
Ayniqsa, Sharqning buyuk namoyandalaridan boʻlmish - Firdavsiy, Nizomiy, Hafiz, Sagʻdi, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va Fizuliy kabi buyuk siymolar asarlaridan bahramand boʻladi. Shuning uchun ham u 1858-yili 14 yoshida yozgan sheʼrida:
Fuzuliy, Shamsiy, Sayqaliy,
Navoiy, Saʼdiy, Firdavsiy.
Xoʻja Hofiz – bu hammasi,
Madat ber, ya shahri, fariyod.
- deb, ularni oʻziga ustoz sifatida tan olishi bilan bir qatorda shoirlik yoʻlida madadkor boʻlishini, qoʻllab-quvvatlashini, yoʻl koʻrsatishini chin dildan izhor etadi.
Alohida eslatib oʻtish lozimki, yuqorida qayd etilgan misralar shunchaki havas, yoshlik tuygʻulari bilan aytilgan gaplargina emas, balki ulugʻ demokrat shoirning Sharq klassiklariga nisbatan eʼtiqodining yorqin ifodasi hamdir.
— XIX asrdagi qozoq adabiyotining Abay, Shangerey, Shaadi, Shortanboy, Aqan kabi yirik shoirlarni olsak, ularning hammasida ham Alisher Navoiy gʻazallarining, dostonlarining taʼsirini koʻramiz, - deydi mashhur olim, qalam sohibi, akademik Muxtor Avezov. — Abayga tillari tushunarli boʻlganligidan Navoiy, Fizuliy asarlari koʻp taʼsir etgan. Ayniqsa Abay Alisher Navoiyni oʻziga eng yaqin ustoz deb biladi va uning asarlaridan oʻrnak oladi.
Darhaqiqat, Alisher Navoiyning baʼzi bir gʻazallari bilan lirik sheʼrlarini Abay Qunonboyevning lirikalari bilan oʻzaro taqqoslansa, unda Abay ijodidagi yaqinlik, hamohanglik sirlarini aniq anglash imkoniga musharraf boʻlamiz. Masalan, Abayning «Yuzi ravshan», “Hor boʻldi jonim”, “Koʻzimning qorasi”, “Oʻlan – soʻzning podshosi” kabi sheʼrlari, buyuk gumanist shoir Alisher Navoiyning “Chor devon”idagi gʻazallari, ishqiy muhabbat haqidagi lirik sheʼriy asarlariga oʻxshash va mos keladigan tomonlari koʻramiz.
Shuningdek, Abay oʻzining “Iskandar”, «Maʼsud», «Azim hikoyasi» kabi badiiy jihatdan yetuk dostonlarini yaratishda ham Sharq shoirlari, shu jumladan Nizomiy va Navoiy dostonlariga ijodiy yondashganligi aniq koʻzga tashlanadi. Ammo, “Iskandar” dostonini yaratishda Abayning tarixiy va afsonaviy Iskandarga boshqacharoq yondashuvning shohidi boʻlamiz. Bu asar koʻpgina Sharq shoirlari kuylagan Iskandarning oʻzigina emas, balki bu Abayning ijodiy mahsulidir. Chunki Abay oʻz dostonida Iskandarni el-yurtni talon-taroj etuvchi, shafqatsiz, bosqinchi shoh sifatida tasvirlab, uni tanqid ostiga oladi. Shunday ekan, Alisher Navoiy yaratgan Iskandar bilan Abay yaratgan Iskandar obrazlari bir-biridan tubdan farq qiladi. Lekin, ana shunday boʻlsa ham, har ikkala dostonning gʻoyaviy motivlari oʻrtasida anchagina yaqinliklar va oʻxshashliklar mavjuddir. Abay ham “Iskandar” dostonida Alisher Navoiy kabi odamiylikni, adolatni, yaxshilikni hamma narsadan ustun qoʻyib, uni alohida ilhom bilan kuylaydi. Yomonlik, adolatsizlik, shafqatsizlik, zulmga nafrat bilan qaraydi va ularni tanqid ostiga oladi.
Alisher Navoiy oʻzining «Sadiy Iskandariy» dostonida falsafiy, axloqiy masalalar bilan taʼlim-tarbiya masalasiga alohida ahamiyat berib, Arastu (Aristotel), Aflotun (Platon) kabi ulugʻ mutafakkirlarning obrazlarini yorqin gavdalantirgan boʻlsalar, Abay ham oʻzining “Iskandar” dostonida Aristotel qiyofasini mohirlik bilan tarannum etadi.
Ajoyib isteʼdod sohibi Muxtor Avezov bergan maʼlumotlarga koʻra, Abay oʻzining katta oʻgʻli Oqilboyga Alisher Navoiyning «Sabʼai sayyor» dostonining syujeti asosida «Jarroh» nomli doston yozishni topshirgan. Ammo, u doston yozildimi yoki yozilmadimi, bu haqida shu kunga qadar bironta maʼlumotga berilmagan. Abay qardosh va yondosh, qozoqlar bilan aralash hayot kechirayotgan oʻzbeklar haqida fikrlarini bildirar yekan.
— Oʻzbeklar ekmagan ekin, ular olmagan hosil, savdogarlari bormagan yer, xullas, ular qoʻlidan kelmagan ish yoʻq, – deya taʼriflaydi, — Mohirlik, ziyraklik, odob va sipolik ham shularda.
Shoirning yuqorida nomlari qayd etilgan sheʼrlari koʻp jihatdan Alisher Navoiyning “Devoni Foniy” asariga oʻxshash va mos keladigan tomonlari anchagina. Ularda sof insoniylik, samimiy sevgi alohida ardoqlanish bilan bir qatorda poklik, halollik kabi insonning eng buyuk ezgu fazilatlari zoʻr mahorat bilan madh etiladi.
Alohida taʼkidlash joizki, XX asrning boshlarida yashab ijod qilgan gʻoyat isteʼdodli qozoq shoiri Sultonmahmud Toʻraygʻirovning “Adashgan hayot” poemasi buyuk shoir Alisher Navoiyning «Xazoyin – ul – maoniy» (“Maʼnolar xazinasi”) asariga oʻxshab ketadigan tomonlari anchagina. Masalan, Alisher Navoiy asarida oʻz umrini yilning toʻrt fasliga qiyoslab, “Yoshlik”, “Yigitlik”, “Oʻrta yoshlik”, “Keksalik” kabi davrlarga boʻlib tasvirlasa, Sultonmahmud Toʻraygʻirov ham «Adashgan xayot» poemasida oʻz umrini “Men bola”, “Men yigit”, “Men toʻxtadim” (“Oʻrta yoshlik”), “Men keksa” kabi davrlarga boʻlib-boʻlib tarannum etadi. Har ikki asardagi yana bir oʻxshashlik tomoni shundan iboratki, «Xazoyin – ul – maoniy»ning bosh qahramoni Alisher Navoiy boʻlib gavdalansa, “Adashgan hayot” poemasining bosh qahramoni ham shoirning oʻzi Sultonmahmud Toʻraygʻirov boʻlib tarannum etiladi.
Demak, qozoq xalqining ajoyib shoiri Sultonmahmud Toʻraygʻirov ham buyuk gumanist shoir Alisher Navoiy ijodi bilan yaqindan tanish boʻlgan va uning ajoyib durdonalaridan ilhomlangan, buyuk shoir asarlarini maroq bilan sevib oʻqigan desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki, mashhur qozoq adibi, akademik Muxtor Avezov: “...Firdаvsiy, Navoiy qozoqlar uchun oʻz klassiklari hisoblanadi» deganida mutlaqo haqlidir.
Xullas, doimo yonma-yon yashab, aralash hayot kechirib kelayotgan oʻzbek va qozoq xalqlari, uning buyuk vakillari, ajoyib allomayu ijodkorlari, bir-biri bilan uzviy aloqada boʻlib, ular bir-birini alohida qadrlab, hurmat qilgan. Bu borada Muxtor Avezov bilan Oybek, Gʻofur Gʻulom bilan Sobit Muqonov, Abdulla Tojiboyev bilan Mirtemir, Zulfiyaxonim bilan Tursunxon Abduraxmanova, Muxamedjon Qoratayev bilan Izzat Sulton, Odil Yaqubov bilan Qaltay Muxamedjanov, Juban Moʻldagʻaliyev bilan Nazarmat oʻrtalarida boʻlgan samimiy doʻstlik aloqalarini alohida tilga olamiz.
Qaldibek SEYDANOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Turon Fanlar akademiyasi va
Qozogʻiston Respublikasi Gumanitar Fanlar akademiyasi akademigi, professor.
Serikboy USENOV,
Oʻzbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring