Aldagani koʻzi ojiz yaxshimi?

18:43 13 May 2022 Jamiyat
932 0

Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida yashovchi Hakim Jumayev birinchi guruh nogironi. 43 yoshli koʻzi ojiz bu insonning oilasida uch farzand voyaga yetmoqda. Tilidan “Shukr” soʻzi tushmaydigan Hakimjon bolalarini es-hushli, aqlli, oq bilan qorani taniydigan, halol bilan harom luqmaning farqiga boradigan kishilar boʻlib voyaga yetishlarini istaydi.

Tuman koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasiga tez-tez borib, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Said Ahmad, Xudoyberdi Toʻxtaboyev singari adiblarimizning kitoblarini qayta-qayta mutolaa qiladigan Hakimjon u yoki bu asardagi ijobiy qahramonlarni bolalariga ibrat qilib koʻrsatadi. Ularni ham kitob oʻqishga undaydi.

— Sirasini aytganda, bu yorugʻ dunyoni koʻrish baxtidan mosuvo inson uchun kitobdan yaxshiroq doʻst va sirdosh yoʻq, — deydi u. — Ammo yashirib nima qildik, kutubxonamiz juda abgor ahvolda. Bafurja oʻtirib kitob mutolaa qilishga sharoit yoʻq. U bundan chamasi 35 yil muqaddam qurilgan choʻpkori imoratda joylashganini aytadilar. Zax. Nafasing qisiladi kishining.

Qorakoʻl tuman koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasi mudiri Bobur Rajabovga yuzlanamiz.

— Koʻrib turganingizdek, kutubxonamiz atigi bitta xonadan iborat, — deydi mudir. — U ham avariya holatiga kelib qolgan. Vaholanki, bugungi kun kutubxonasi oʻquv zali, kitoblar saqlanadigan xona, kompyuter va arxiv xonalaridan iborat boʻlishi, zamonaviy mebellar bilan jihozlanishi kerak.

Mazkur kutubxonaning 519 nafar aʼzosi bor. Mabodo bir paytning oʻzida 20 kishi kelsa, ularning bir qismi tashqarida navbat kutishi muqarrar.

Chindan ham koʻzi ojiz insonlar odatda kitobga ayricha mehr qoʻyishadi.Ular orasida yoshlar koʻpchilikni tashkil etadi. Husnigul Umarova ana shularning biri.

— Buxoro shahridagi 24-maxsus maktab-internatda tahsil olganman, — deydi Husnigul. — Dam olish kunlari uyga qaytganimda, albatta, shu kutubxonaga kelardim. Kitob oʻqirdim. Kutubxona mudiri bu yerda boʻlmagan adabiyotlarni ham allaqayerlardandir topib qoʻlimga tutqazardi. Maktab- internatda, qolaversa, mana shu kutubxonada oʻqib-oʻrganganlarim menga juda asqatdi. Hozir Oʻzbekiston Milliy universitetining ingliz tili filologiyasi fakultetida tahsil olyapman. Kutubxonaga kelsak, u qarovga muhtoj. Koshkiydi, zamonaviy bir bino qurib berilsa...

Aytmoqchi, Bobur Rajabov aynan shu masalada koʻplab tashkilotlarga murojaat qildi. Tuman hokimligidan najot kutdi. Ammo natija boʻlmayapti. Murojaatlariga kelgan javoblarni oʻqib, bulardan tashkilotchi rahbardan koʻra diplomat chiqarmidi, degan xayolga borasan kishi. Deylik, tumanning avvalgi rahbari Sh. Salomov, tuman hokimi oʻrinbosarlari B. Jumayev, B. Gʻaybullayevning javob xatlarida «2022-yilda tuman hokimligi mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan yangidan kutubxona binosi qurib berilishi koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida bildiramiz», qabilidagi ajabtovur soʻzlarni oʻqiymiz. B. Gʻaybullayev imzosi bilan kelgan, 2021-yilning 15-noyabr sanasi qoʻyilgan xatda esa “Bugungi kunda koʻzi ojizlar boʻlimi uchun kutubxona qurish boʻyicha ishlar olib borilayotganligini maʼlum qilamiz”, degan soʻzlar bor.

Qaranga, kutubxona uchun bino qurish ishlari olib borilayotgan ekanu, shoʻrlik mudiru kitobxonlar bexabar yurishgan ekanda? Yoki hokim oʻrinbosari aldagani koʻzi ojizlar yaxshi, deb oʻyladimikan?!

— Keyingi uch-toʻrt yil oraligʻida tumanimiz markazi tanib boʻlmas darajada oʻzgardi, — deydi Bobur Rajabov. — Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan zamonaviy inshootlar, turar-joylar, infratuzilma obyektlari qurildi. Bundan tumanimiz aholisi benihoya xursand. Kutubxonamizga kelsak, uning ahvolini koʻrib koʻnglim choʻkib ketadi. Vaholanki, yer muammo emas. Kutubxonaga tegishli olti sotix maydon bor. Shu yerda koʻzi ojiz insonlar uchun bir zamonaviy bino qurib berilsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi.

Dunyodagi birdan bir ovunchi, sirdoshi, doʻsti kitob boʻlgan bu insonlarni tushunadiganlar Buxoroda topiladi, degan umiddamiz.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер