Aktam Xaitov: “Monopol korxonalar oʻzi bilganicha ish qilishni qachon toʻxtatadi?”

10:01 12 Mart 2020 Jamiyat
1051 0

UzAuto Motorsʼning narxlarni xalq bilan maslahatlashmay oshirishi partiya elektoratini ham, OʻzLiDeP deputatlarini ham norozi qildi.

Vaholanki, taraqqiyotimizning yangi davrida har bir tashkilot oʻz qarorini xalq muhokamasiga qoʻyishga oʻrgandi. Hattoki, qonun loyihalari ham xalq “ekspertiza”sidan oʻtkazilayotgani fikrimizga yaqqol dalil. UzAuto Motors esa ana shu yangi tendensiyani nazar-pisand qilmadi. Narxlarni oʻzi bilganicha oshirdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan chetda qolib ketyapsizlar, deguvchilarga aytmoqchimiz: OʻzLiDeP saylovoldi dasturida monopol korxonalarga qarshi kurashish ustuvor vazifa etib belgilangan. Partiyamiz barcha tadbirkorlik subyektlari uchun teng, halol, adolatli, tizim yaratish tarafdori. Ana shunday demokratik-liberal tamoyil odamlarni ham, tadbirkorlarni ham davlatdan rozi boʻlib yashashiga zamin yaratadi.

UzAuto Motors yaqin orada avtomobillarga oʻrnatilgan yangi narxlar boʻyicha bayonot berdi. Ochigʻini aytsak, ular oʻzini nima deb oqlashi, nega aynan “Damas”, “Spark”, “Nexia” kabi mashinalar narxlarida keskin oʻzgarishlar boʻlganini bilish biz uchun ham qiziq edi.

UzAuto Motors qanday bayonot berganidan qatʼiy nazar, bir fikrda qatʼiymiz: xalq va xalq vakillari – deputatlarni hurmat qilgan har qanday tashkilot narxni oshirmasdan oldin buni xalq muhokamasidan oʻtkazishi lozim edi.

Xulosa oʻrnida aytmoqchi boʻlgan fikrimiz quyidagicha: bundan buyon OʻzLiDeP oʻzi bilgancha ish qiladigan monopol korxonalarni oʻz holiga tashlab qoʻymaydi. 

Aktam Xaitov,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasidagi OʻzLiDeP

fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер